Favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashadigan robotdan, tarixiy shaharlarga «sayohat qildiruvchi» maxsus ko‘zoynaklargacha – O‘zbekistonda 2 yillikning eng sara startaplari

Saqlash
22:25 / 25.03.2022 1228 0

 

Oyina.uz Innovatsion rivojlanish vazirligi 2020–2021 yillarda qo‘llab-quvvatlangan eng yaxshi startap, amaliy va innovatsion ishlanmalarning TOP 8 taligini jamladi.

 

 

1. “Teamwork” mobil ilovasi

 

Masofadan ish berish va qidirish milliy platformasi. Ushbu mobil ilova yordamida dunyoning istalgan joyidan IT sohasidagi mutaxassislarni onlayn topish va ular xizmatidan foydalanish mumkin.

Muallif: Shahzod Mamasoliev.

 

 

2. Tarixiy shaharlarga virtual sayohat

 

O‘zbekistonning turistik shaharlariga virtual sayohat qilish imkonini beradigan startap loyihasi. Maxsus ko‘zoynaklar orqali Xiva, Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarga sayohat qilish va moziyni his etish mumkin. Loyiha doirasida mazkur shaharlarning o‘tmish davri to‘liq jonlantiriladi. Muallif: Hakimboy Yo‘ldoshev.

 

 

3. Paxtani bir terimda yig‘ib olish uskunasi

 

Paxta xomashyosini bir terimda yig‘ib olish uchun texnik tayanch to‘plamlari ishlab chiqildi. Loyiha doirasida MX-1,8GV kombinatsiyalashgan paxta terish mashinasi yaratildi. Ushbu texnika traktorga ulangan holda ishlatiladi. Xorijiy analoglaridan farqi – konstruksiyasidagi afzalliklar va foydalanishning qulayligi. Boshqa paxta terish mashinalariga nisbatan arzon, 1,3-1,4 marta kam yonilg‘i sarflaydi.

Muallif: Rafiq Matchonov.

 

 

4. “Nazzar” mobil ilovasi

 

Tarixiy shahar va shaxslar haqida ma’lumot beruvchi innovatsion dastur. QR kodi yordamida smartfoningiz ekranida sizga qiziq ob’ektning turli effektlar bilan to‘la tasviri va ma’lumoti paydo bo‘ladi.

Muallif: Bobur Rahimov.

 

 

5. Metall quyish qoliplari

 

Mahalliy xomashyodan tayyorlangan gel kukunidan davlat standartiga javob beradigan metall qoliplar ishlab chiqariladi. Yangi texnologiya asosida yaratilgan ushbu qoliplar import o‘rnini bosadi, yuqori haroratga chidamli hisoblanadi. Loyiha doirasida Karmana tumanida 13 nafar kishi ish bilan ta’minlandi. Muallif: Taymas Madatov.

 

 

6. Ekologik xavfsiz polimer plyonka

 

Polimer plyonkadan ekologik xavfsiz va bioparchalanish xususiyatiga ega qadoqlash vositasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihaning maqsadi atrof-muhitning polimer chiqindilardan ifloslanishini kamaytirish. Muallif: Islom Turdiqulov.

 

 

7. Favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashadigan robot

 

Ko‘p qavatli binolarda yong‘in sodir bo‘lganda yoki zilzila kabi favqulodda vaziyatlarda ushbu robotdan foydalanish mumkin. Ixcham va yengil bo‘lgani bois deraza yoki zinalarda bemalol harakatlanadi. 915 MGs chastotali radio modul operator va robot o‘rtasida ishonchli aloqani ta’minlaydi. Avtonom rejimda 6 soatdan ortiq vaqt ishlaydi. Soatiga 5,5 km tezlikda yuradi. Muallif: Alisher Shahobiddinov.

 

 

8. Inson harakatlanishi qiyin hududlarni kuzatadigan dron

 

Uchuvchisiz uchish apparatlari va GIS texnologiyalari yordamida odam harakatlanishi qiyin bo‘lgan ob’ekt va chegara hududlarini kuzatish imkonini beradi. Vaziyatni tahlil qiladi, zarur ma’lumotlarni yetkazadi. Ushbu dron xavfsizlik xizmati va favqulodda vaziyatlar, chegara qo‘shinlari uchun yordamchi hisoblanadi. Muallif: Aleksandr Kim.

 

Shahnoza TOJIDDINOVA tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//