Siyosat
Talabalik davrimdanoq otam va onam tomonidan o‘tgan ajdodlarimiz tarixini, ularning hayoti bilan bog‘liq voqea-hodisalarni yozib ola boshladim. Shu jarayonda menda milliy merosimizga, qadriyatlarimizga qiziqish, muhabbat yanada oshdi. 1989 yildan boshlab, Respublikamizning barcha viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, nikoh va beshik to‘ylari bilan bog‘liq urf-odatlar, marosimlar, allalar, yor-yorlar, kelin salomlar, sog‘im, mehnat, ramazon va marsiya qo‘shiqlarini yozib olish, targ‘ib qilish bilan shug‘ullanaman.
Inson o‘zi uchun qo‘shiq yaratadi. Aytguvchi qanday kayfiyatda bo‘lsa aytimlarida namoyon bo‘ladi. Unda mehri, muhabbati, sog‘inchi, dil izhorlari, alamlari, boshidan kechirgan qayg‘uli kunlari mujassam bo‘ladi. Rang- barang ruhiy olam bilan to‘qnashish menga yoqqanidan, o‘nlab daftarlarim ana shunday bebaho merosimiz durdonalari bilan to‘ldi. Ularni qayta-qayta varaqlash, kecha anglamaganimni bugun anglash huzurbaxshdir.
Bunday onlarda viloyatma-viloyat yurib azob chekkanlarim, birovga yoqib birovga yoqmaganlarim, kimdir darvozasini yuzimga yopganida cho‘chib tushganlarim, qishning qahratonida aytimlar to‘plagani borganimda yuk mashinasida qiynalganlarim, oyog‘imda kalish, qo‘limda zarang tayoq bilan olis tog‘ning etaklaridagi qishloqlarda qadriyatlarni ardoqlab yashayotganlar huzuriga zo‘rg‘a yetib borganlarim unutilib ketadi. Yozib olganlarim —aytimlarning umri uzayishi, avlodlarga qolishi, xalq og‘zaki ijodi bisotiga yangi marvaridlarning qo‘shilishini o‘ylashim bilan chehram quyoshdek porlab ketadi.
Mehnatlaring e’tirof etilishi, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan rag‘batlantirilishi quvonchingga quvonch qo‘shar ekan. Chunki, insonga, ayniqsa, ijodkorga ruhiy, ma’naviy quvvat hamisha kerak. Bu yanada yaxshiroq va samaraliroq ishlashga undaydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyati a’zosi sifatida mamlakatimiz viloyatlari, tuman va qishloqlarida safarda bo‘laman. Yuz-ko‘zlari porlab turgan, zahmatkash, mehnatkash odamlarni ko‘rganimda g‘ururlanaman. Insonda qachonki g‘urur tirik ekan u elning, yurtning saodati, Vatan istiqboli yo‘lida xizmat qila oladi. E’tirof esa ijodkor ruhini yuksaltiradi.
Menga ushbu ko‘krak nishoni berilishini kutmagan edim. “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovida hay’at a’zosi sifatida ishtirok etayotgan edim. Yashirmoq nega kerak? Mijjalarim nam bo‘ldi. Demak, milliy merosimiz, xalq og‘zaki ijodining nodir namunalarini yozib olish, kitob holida chop ettirish va ularni targ‘ib qilish bilan mamlakatimiz mustaqilligining mustahkamlanishiga hissam qo‘shilibdi.
Shu kunga qadar o‘n to‘rt nafar kitobim dunyo yuzini ko‘rdi. “Nur to‘la uy”, “Xushro‘ylik sirlari”, “Alla aytay, jonim bolam”, “Ori qo‘shiq bo‘lgan yurt”, “Farzandingizga o‘yinlar”, “Onam aytgan allalar”, “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” shular jumlasidan. Ularning nomining o‘ziyoq xalqimiz qadriyatlaridan so‘zlab turibdi. Kuni kecha “Sharq” nashriyotida “Quyoshim ¬–¬ enam" voqeiy qissam nashrdan chiqdi. Ayni damda bir yuz ellikka yaqin milliy o‘yinlar jamlangan “O‘zbek milliy o‘yinlari” kitobim nashrga tayyor. Yaqinda ko‘pkari va chavandozlar hayoti bilan bog‘liq yangi romanimni yozib tugatdim. Xullas, hali ishlarim judayam ko‘p. Har bir kitobimda xalq og‘zaki ijodi namunalari o‘q chiziq bo‘lib o‘tadi. Ulardagi ma’lumotlar bilan qadriyatlarning Oltin sandig‘i to‘lib boraveradi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami bilan muborakbod etaman! Bu saodat bayrami ming yillar davomida zavol ko‘rmasin!
Guljahon Mardonova,
”O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi”
ko‘krak nishoni sohibasi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Oyimgul
12:01 / 01.01.1970
Milliy qadriyatlarimizni tiklash, yoritish,xalqqa yetkazish yolidagi qahramonlik desa boladi.Hali mamlakatimiz mustaqil bolmasdan turib bunday ishga qol urishga osha davrda hammanig ham jurati yetmas edi. Men opam Guljaxon Mardonovani qoshaloq mukofotlar bilan chin dildan qutlayman. Zaxmatli mexnatlarining roxatini korishini qancha yillardan buyon kutaman. Men bugun xuddiki ozim mukofot olgandek baxtiyorman. Qilgan mexnatlariga yarasha Yutuqlari, ijodiy zafarlari bardavom bolsin.