Siyosat
2022-yil yakunigacha davlat xizmatchilarining joriy yildagi daromadlari va mol-mulklari deklaratsiyasi jamoatchilikka ochiqlanishi kutilmoqda. Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 10-mart kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilgan.
2021-yil 6-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Prezidenti farmonida 2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish belgilangan. Akmal Burhonovning aytishicha, qonunchilik jarayonida choʻzilish boʻlgani sababli maʼlumotlarni ochiqlash kechikmoqda.
«Hozirda bu boʻyicha qonun loyihasi tayyor. Uni jamoatchilik muhokamasiga qoʻyamiz. 2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilarining mol-mulklari va daromadlari deklaratsiya qilinadi hamda joriy yil yozida yoki yil oxirigacha jamoatchilikka ochiqlanadi. Agentlik xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar koʻmagida eʼlonlar uchun maxsus platforma ishlab chiqmoqda. Texnik reglament ishlab chiqilgan. Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulklarini hisobga olish ham allaqachon boshlangan. Faqat huquqiy asosi va texnik reglament tasdiqlanishi kerak. Deklaratsiyani 1-apreldan eʼlon qilmoqchi edik, lekin ulgurmayapmiz», — degan agentlik rahbari.
Akmal Burhonovning qoʻshimcha qilishicha, 2021-yil iyundagi Prezident qarori bilan mahalliy hokimliklar byudjetdan orttirilgan mablagʻlar miqdorini va pullar qayerga sarflanayotganini eʼlon qila boshlagan. Buning natijasida mablagʻ sarflashda samaradorlik ortdi.
«Qaror eʼlon qilgandan soʻng koʻrdikki, avtomobil sotib olish, hokimiyatni taʼmirlash va boshqalarga yoʻnaltiriladigan sarf-xarajatlar keskin kamaydi. Endilikda ortgan mablagʻlar ijtimoiy infrastrukturaga sarflanganini koʻrish mumkin. Chunki hammasi ochiq boʻlyapti. Oʻylaymanki, maʼlumotlarni ochiqlash majburiy qilindi, endi ochiqlamaganlik uchun javobgarlik belgilansa, samaradorlik yanada oshadi», — dedi Antikorrupsiya agentligi direktori.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q