Abdulaziz Komilov Vashingtonda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara oʻtkazdi

Saqlash
17:18 / 10.03.2022 840 0

2021-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan Strategik sheriklik muloqotining ilk uchrashuvi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 6-9-mart kunlari Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya AQSHga tashrif buyurdi. Bu haqida TIV matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga tashrifi doirasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar oʻtkazgan. Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi hamda strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan oʻzaro tabriklar almashilgan. Abdulaziz Komilov va Entoni Blinken Oʻzbekiston—AQSH munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning dolzarb masalalari, jumladan, qoʻshni Afgʻonistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qilgan. C5+1 shakli doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi Amerikada boʻlishi davomida AQSH administratsiyasi vakillari, Kongress aʼzolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar oʻtkazgan.

 

Amerika—Oʻzbekiston Savdo palatasi aʼzolari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni Amerika ishbilarmon doiralari vakillariga 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasining asosiy qoidalari, respublikada iqtisodiyotni tubdan isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirgan. Tadbir davomida AQSH kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan.

 

“Bundan tashqari, 24-26-mart kunlari boʻlib oʻtadigan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki boʻyicha kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

 

Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirilgan. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat oʻrtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//