“Tashkent City” mojarolari tugamaydi...mi?

Saqlash
23:37 / 31.08.2021 998 0

Poytaxtimizda juda ko‘p bahs va muhokamalarga sababchi loyihalardan biri Tashkent Cityqurilishi boldi, desak adashmaymiz. Buning uchun ko‘plab me’moriy obidalarning buzib tashlangani, hududga kirish pulli qilib qo‘yilgani…

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bahsli holat kuzatildi.

“El qatori parkka pul to‘lab kirib, amfiteatrda fontanni tomosha qilayotgan yuzlab yurtdoshlarimiz qatorida biz ham suhbat qurib o‘tirgan edik. Birdan park qo‘riqchilari kelib, amfiteatrni bo‘shatib qo‘yishni barchadan talab qilib, hammani tashqariga “haydab” chiqardi va ratsiya orqali “tozalandi” deb hisobot berdi.

Tozalash nima maqsadda amalga oshirilayotgani bilan qiziqqanimizda “Bu yerda hozir tadbir bo‘ladi” degan javobni oldik. Birozdan so‘ng to‘rt kishi paydo bo‘lib, ikki sevishganni videoga ola boshladi, orada ular uchun maxsus buyurtma musiqa bilan fontan qayta ishga tushurildi. Aytilgan tadbir shu ekan. Ikki sevishganning “Love story”si sabab, parkka pul to‘lab kirgan bir necha yuz kishi dam olib o‘tirgan o‘rnidan turg‘azilib, amfiteatrdan haydab chiqarildi. Yo‘laklar ham qo‘riqchilar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Bu holat jahlimni chiqardi, chunki turg‘azib yuborilganlar orasida ota-onam tengi, yoshi katta insonlar ham bor edi”, deya yozadi bloger Obidjon Latipov.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sharhlarga ko‘ra, bo‘lajak kuyov o‘zini “tadbir bo‘yicha menejer” deb tanishtirgan Davron ismli yigitning do‘sti ekan va 300 dan ortiq kishining chiqarib yuborilishiga sabab bo‘lgan “Love story” uchun pul to‘lanmagan. Ammo keyinroq jamoatchilikning e’tirozidan so‘ng mas’ullar to‘lov chekini ko‘rsatishgan.

“Holatga oydinlik kiritish maqsadida park ma’muriyati bilan bog‘lanishga urinishlarim natija bermadi. Rahbariyatning mijozlarga munosabati ayanchli ahvolda. Toshkent shahar hokimiyati va “Tashkent City Park” ma’muriyatidan holat yuzasidan izoh so‘rab qolaman”, deya qo‘shimcha qiladi Obidjon Latipov.

     “Tashkent City” bilan bog‘liq jumboqli vaziyatlar nainki loyiha mas’ullari, balki tegishli davlat idoralar tomonidan ham jiddiy e’tiborga olinishiga umid qilib qolamiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//