Jamiyat
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisda ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga avtomobil foto va video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi o‘rganildi.
Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda mamlakatda transport vositalari sonining ortishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Shu bois yo‘l harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish, qoidabuzarliklarni foto va video qayd etish tizimlarini kengaytirish hamda bu sohadagi huquqiy bazani mustahkamlash bo‘yicha qator choralar ko‘rilgan.
“Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun va prezidentning bir qator qarorlari asosida avtomobil yo‘llarida tezlikka rioya etilishini radarlar, statsionar va ko‘chma maxsus texnika vositalari orqali nazorat qilish tartibi huquqiy jihatdan belgilab qo‘yilgan.
Deputatlarning aytishicha, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, haydovchilar mas’uliyatini oshirish va nazorat tizimini samarali tashkil etish maqsadida yo‘llarga zamonaviy kameralar hamda radarlar o‘rnatilmoqda. Ular qoidabuzarliklarni kamaytirish, avariyalar sonini qisqartirish va sohada korrupsiya holatlarining oldini olishda muhim vosita sifatida ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, deputatlarning saylov okruglarida fuqarolar bilan uchrashuvlari davomida foto-video qayd etish vositalari va ko‘chma fotoradarlar faoliyati yuzasidan qator e’tirozlar ham bildirilgan. Xususan, tezlik keskin o‘zgaradigan yo‘l qismlarida ogohlantiruvchi belgilar yetarli darajada ko‘rinmasligi, radarlar joylashuvi haydovchilar uchun noqulay tashkil etilgani va bu holat asossiz jarimalarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, foto-video qayd etish tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida texnik xatolar tufayli jarimalar noto‘g‘ri hisoblanayotgani, ayrim haydovchilarga asossiz ravishda ma’muriy jazo choralari qo‘llanayotgani ta’kidlangan. Deputatlar yo‘llarning ayrim qismlarida asfalt sifati talabga javob bermasligi, yo‘l chiziqlari ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri chizilgani ham qoidabuzarliklarga sabab bo‘layotganini bildirgan.
Piyodalar yo‘laklarida svetoforlar yetishmasligi ham fuqarolar e’tiroziga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Majlisda eslatilishicha, prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasi Ichki ishlar vaziriga “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosi, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, radar va kameralar samaradorligi tahlili, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish yuzasidan parlament so‘rovi yubordi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Siyosat
Siyosat
112204
Jamiyat
94881
Jamiyat
90968
Jamiyat
75749
Jamiyat
//
Izoh yo‘q