XV asrga oid ipak chopon ramzlari nimani anglatgan?

Saqlash
17:42 / 29.04.2026 38 0

XV asrga oid yashil ipak chopon hozirda Islom sivilizatsiya markazida saqlanmoqda. U nafaqat Temuriylar davri saroy kiyimlari haqida tasavvur beradi, balki o‘sha davrda Markaziy Osiyosida rivojlangan to‘qimachilik san’ati haqida ham muhim ilmiy ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi.

 

Qayd etilishicha, bunday keng va uzun yengli bichim Temuriylar davriga xos bo‘lgan marosimiy kiyimlar uchun xarakterli bo‘lib, u kiyim egasining ijtimoiy mavqeini ko‘rsatadigan muhim elementlardan biri hisoblangan. Libos bir necha bo‘lak matodan tikilgan, old tomoni ochiq, qisqa yoqali va keng yengli qilib ishlangan. Ushbu konstruktiv yechim nafaqat kiyimning qulayligini, balki uning tantanavor ko‘rinishini ham ta’minlagan.

 

Chopon ipak matodan to‘qilgan bo‘lib, undagi naqshlar “bulutli tasma” deb ataladigan murakkab ornament bilan bezatilgan. Ushbu naqsh o‘zining to‘lqinsimon chiziqlari orqali mato yuzasida harakat va yorug‘lik taassurotini hosil qiladi.

 

“Bulutli tasma” motivi Sharq san’ati tarixida keng tarqalgan dekorativ unsurlardan biridir. U dastlab Xitoy san’atida shakllangan, keyinchalik Markaziy Osiyo va Eron hududlariga kirib kelgan. Temuriylar davriga kelib esa bu ornament saroy san’ati va to‘qimachilik mahsulotlarining muhim bezak elementiga aylangan. XV asrga oid ayrim miniatyuralarda "bulutli tasma" naqshlari tushirilgan libos kiygan zodagonlar tasvirlangan

 

Ma’lumotlarda keltirilishicha, choponda ajdarho, feniks qushi, lotus hamda pion gullari kabi tasvirlar ham bor. Bu obrazlarning har biri Sharq ramziyatida muayyan ma’noga ega. Ajdarho - hokimiyat va kuch ramzi sifatida talqin qilinsa, feniks qushi - yangilanish va abadiylik timsoli hisoblanadi. Lotus va pion gullari - farovonlik, poklik va baraka bilan bog‘liq ma’nolarni ifodalaydi. Shu sababli bunday murakkab va ramziy naqshlar bilan bezatilgan matolar ko‘pincha saroy muhitida yoki yuqori tabaqa vakillari kiyimida qo‘llanilgan.

 

Ipak matoning sifati ham choponning qimmatini belgilovchi muhim omillardan biridir. Temuriylar davrida Markaziy Osiyo ipak ishlab chiqarish va to‘qimachilik markazlaridan biri sifatida tanilgan. Ayniqsa Samarqand va Hirot shaharlari o‘zining hunarmandchilik maktablari bilan mashhur bo‘lgan. Bu hududlarda tayyorlangan matolar yuqori sifatli ipak tolalari, murakkab naqshlari va yorqin ranglari bilan ajralib turgan. Chopon matosidagi tolalarning jilosi va naqshlarning silliq harakati matoga go‘yoki yorug‘lik bilan to‘qilgandek chuqurlik bag‘ishlaydi. 

 

Bugungi kunda ushbu bebaho kiyim namunasi Islom sivilizatsiya markazining Ikkinchi Renessans bo‘limining Shohrux Mirzo sektorida saqlanmoqda. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//