Ekstremizm haqida xabar berganlar rag‘batlantirilishi kutilmoqda

Saqlash
16:02 / 29.04.2026 13 0

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ekstremizm haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi. Xabar berilishicha, loyiha Senatga ko'rib chiqish uchun yuborildi.

 

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

 

Ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasi mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tajovuzkor urinishlarning oldini olish, yoshlarni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishga qaratilgan. Hujjat bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

 

Shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga ekstremizmning oldini olish, bu haqda xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish, ekstremistik tashkilotlarni belgilash tartiblarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

 

Ushbu qonun loyihasi ekstremizmga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtiradi. Profilaktika ishlari samaradorligini oshiradi. Jamiyatda tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashga huquqiy zamin bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//