Haj mavsumi 2-maydan boshlanishi ma’lum qilindi

Saqlash
13:24 / 29.04.2026 24 0

Haj–2026 mavsumi 2-maydan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.

 

Xabar berilishicha, 18-mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar 9 ta hudud – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.

 

Ziyoratchilarni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, vatanga qaytarish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.

 

Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi, rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlandi, ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari ham o‘tkazilmoqda.

 

Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan Haj–2026 mavsumi ilk ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar ibodatlarini bekam-u ko‘st ado etishi uchun munosib sharoitlar tayyorlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//