Kiberxavfsizlik markazi kiberhujumga uchragani haqidagi xabarni rad etdi

Saqlash
11:27 / 29.04.2026 41 0

Noma’lum haker Kiberxavfsizlik markazining ichki axborot tizimlariga ruxsatsiz kirganini va 100 nafar xodimning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qildi. Shuningdek, boshqa maxfiy ma’lumotlar narxini 200 ming dollar deb baholadi. Markaz esa ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasligi haqida xabar berdi.

 

Rasmiy axborotda ta’kidlanishicha, Kiberxavfsizlik markazi ichki axborot tizimlari buzilmagan va bunday turdagi ma’lumotlar bazasidan foydalanilmaydi.

 

“Amaldagi qonunchilikka binoan, har bir sayt egasi yoki bloger internetga ma’lumot joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi shart. Agar ma’lumot yolg‘on ekani aniqlansa, uni darhol o‘chirib tashlashi lozim. Asossiz va yolg‘on xabarlarga ishonmasligingizni hamda faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘raymiz”, deyiladi markaz xabarida.

 

Avvalroq noma’lum haker Kiberxavfsizlik markazining ichki tizimlariga muvaffaqiyatli kirib, 100 nafar xodimning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilgan. Ular qatorida xodimlarning ism-familiyasi, kompaniyadagi lavozimi hamda JSHSHIR raqamlari mavjud. Haker xodimlarning “o‘ta foydali ma’lumot” sifatida ta’riflagan JSHSHIR raqamlarini to‘liq bo‘lmagan shaklda e’lon qilgan.

 

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati va razvedka xodimlari ma’lumotlar bazalariga kirish huquqini qo‘lga kiritganini da’vo qilgan. Ichki ma’lumotlar bazasidan bevosita olingan ma’lumotlar, xususan Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining to‘liq ro‘yxati “ancha katta” ekani, unda e’lon qilinganidan ko‘ra “ancha maxfiyroq” ma’lumotlar ham borligi aytilgan.

 

Haker O‘zbekiston rasmiylari ma’lumotlarning to‘liq e’lon qilinishini to‘xtatmoqchi bo‘lsa, ularni narxi 200 ming dollar ekanini bildirgan.

 

“Kiberxavfsizlik markazi matbuot kotibi Dilshod To‘rayev “Kun.uz” bilan suhbatda haker e’lon qilgan shaxsiy ma’lumotlar haqiqatda ham xodimlarga tegishli ekanini tasdiqladi. U xodimlarning ism-familiyasi va ishlaydigan lavozimi rasmiy saytda ham borligini, ammo haker e’lon qilgan xodimlarning JSHSHIR raqami Kiberxavfsizlik markazidagi tizimlarini buzib kirish natijasida qo‘lga kiritilmagani qayd etdi.

 

Kiberxavfsizlik Markazi holat bo‘yicha yangi ma’lumotlar aniqlansa, jamoatchilikka xabar berishini aytib o‘tdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//