Siyosat
Islomobod shahrida 4-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviyning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Prezidentlar bir-birini samimiy qutlab, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani hamda hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli turtki boʻlishi taʼkidlandi.
2022-yilda mamlakatlarimiz muhim sana – diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlaydilar. Oʻtgan vaqt mobaynida siyosiy muloqot va hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Oʻzaro tovar ayirboshlashda jadal surʼat kuzatilmoqda. Oʻtgan yili, pandemiyaga qaramay, uning hajmi 50 foizdan ziyodga oshdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni izchil kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari Pokistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni olqishladilar. Ayni paytda hamkorlikni, shu jumladan gumanitar sohada kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston va Pokistonning fan, taʼlim, yuqori texnologiyalar va yoshlarga doir siyosat sohalaridagi tashabbuslari mamlakatimizning Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasidagi maqsadlariga hamohang ekanligi qayd etildi.
Tomonlar sheriklikning ushbu yoʻnalishini har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Oʻzbekiston Prezidenti astronomiya, astrofizika, fizika, matematika, virusologiya va robot texnikasi boʻyicha ilmiy-amaliy tadbirlarni oʻtkazishda Islom hamkorlik tashkilotining “KOMSTEK” Ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha doimiy qoʻmitasi imkoniyatlaridan foydalanishni taklif etdi.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlik va Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Orif Alviyga mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Pokiston kuni munosabati bilan samimiy tabrik va eng ezgu tilaklarini izhor etdi hamda uni oʻziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Uchrashuv iliq va doʻstona muhitda oʻtdi. Tomonlar koʻp qirrali munosabatlarni yanada kengaytirishga intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladilar.
Shu bilan Oʻzbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi yakunlandi, Shavkat Mirziyoyev Toshkentga joʻnab ketdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q