Jamiyat
Oʻzbekistonda 2050-yilga borib tabiiy gaz, koʻmir va neft mahsulotlaridan yoqilgʻi sifatida foydalanishdan voz kechiladi. Bu haqida 2-mart kuni boʻlib oʻtgan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjaev maʼlum qilgan.
Uning soʻzlariga koʻra, 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini qariyb 30 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoning eng ilgʻor mamlakatlari tomonidan qabul qilingan uglevodorod neytralligi dasturiga ham qoʻshilgan.
2050-yilga kelib, respublika iqtisodiyotning barcha sohalarida, shu jumladan, energetikada uglevodorod neytralligiga erishish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
“Bu — tabiiy gaz, koʻmir, neft mahsulotlaridan yoqilgʻi sifatida foydalanishdan toʻliq voz kechish degani. Bir qarashda bu uzoq muddatday koʻrinadi, lekin bugungi kundagi energetika sohasida boʻlayotgan oʻtish jarayoni oʻzining koʻlami va ahamiyati jihatidan bir vaqtlar qazilma boyliklar, neft va gaz qoplaganday oʻzgarishlar bilan solishtirish mumkin. Insoniyat hayoti keskin oʻzgardi. Ayniqsa sanoat va transport logistika sohasiga juda katta taʼsir koʻrsatdi”, — dedi vazir oʻrinbosari.
Uning taʼkidlashicha, xuddi shu kabi energetik oʻtish jarayonining ham kundalik hayotga oʻz taʼsiri bor. Oʻzbekistonda elektr energiyaga boʻlgan talabni gʻarb mamlakatlari bilan solishtirilganda, u keskin farq qiladi. Chunki respublika iqtisodiyoti hali elektr energiyasi bilan toʻyingan emas. Talab suratlari yillik eng kamida 11−12 foizga oʻsishi kutilmoqda.
“Bu 2030-yilga borib erishiladigan natijalardir. Bu degani biz hozirgi kundagi anʼanaviy energetika manbalaridan toʻliq voz kechib, quyosh va shamol energetikasiga oʻtishimiz juda qiyin. Birinchi navbatda, oʻsib borayotgan talabni toʻyintirish zarur”, — dedi Sherzod Xoʻjaev.
Bu davr ichida kamida 5 ming MVtli shamol elektr stansiyalari va 7 ming MVtli quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish lozim.
Shuningdek, 2026-yilga borib Oʻzbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga va shamol elektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi. Buning natijasida yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 1 million xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin.
Taʼkidlanishicha, aholi xonadoniga quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatish borasida ham dastlabki qadamlar boshlangan. Masalan, qurilmalarni xonadonlarga oʻrnatish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
“Fuqarolar oʻz xonadonlariga oʻrnatgan quyosh panellar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishlari ham mumkin”, — dedi vazir oʻrinbosari.
Hukumatning 2021-yil 14-apreldagi [217-sonli] qaroriga muvofiq, Oʻzbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalar, quyosh suv isitgichlarini sotib olish va oʻrnatish xarajatlarining bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatgan jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik subyektlari esa 10 yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod boʻladi.
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q