Savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSh dollarini tashkil etadi

Saqlash
15:10 / 04.11.2025 51 0

4-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Doha shahrida o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etdi.

 

Anjumanda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

 

 

Prezident bugungi kunda jahon hamjamiyati va milliy hukumatlar ijtimoiy farovonlikni ta’minlash hamda aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning barcha formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

 

O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilingan ijtimoiy davlat barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

 

Ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilgan va bu yo‘ldagi islohotlar bundan keyin ham davom ettiriladi.

 

Anjumanda Prezident shuningdek, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

 

Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidlandi.

 

Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz– dedi Prezident.

 

Shu munosabat bilan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish taklif qilindi. Davlat rahbari bandlik masalalarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.

 

Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Prezident “Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi. Barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta’kidlandi.

 

Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSh dollarini tashkil etadi. Bu Prezident ta’kidlaganidek, yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.

 

Prezident shuningdek, kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha global alyansning birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni O‘zbekiston to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Alyansning bo‘lajak sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish va ta’lim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif qilindi.

 

Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

 

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.


Prezident iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari – fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

 

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

 

Davlat rahbari O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.

 

Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab odamlarga umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

 

Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir– dedi Prezident.

 

Sammit yakunida O‘zbekiston Prezidenti anjumanda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//