Madaniyat
Kecha, 1-mart kuni O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov tavalludining 93 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, ijodkorlar, olimning oila a’zolari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti o‘qituvchiyu talabalari ishtirokida Adiblar xiyobonida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilganlar dastlab Ozod Sharafiddinov haykali poyiga gul qo‘ydi. Haykaltarosh Bahrom Norboyev tomonidan ishlangan yodgorlik qoshida so‘zga chiqqanlar olimning fazilatlari, o‘zbek adabiyotshunosligida tutgan o‘rni, asarlarini qayta chop etish va kelgusi avlodlarga yetkazish haqida gapirdi.
– “Toshkent oqshomi” gazetasida ishlagan kezlarim “Zamondoshimiz” degan ruknda Ozod domla bilan suhbat qilib, birinchi sahifadan berganmiz, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Fotosuratchimiz o‘shanda juda ko‘p kadrlar olgan, hozir o‘sha suratlar eng qadrli, tarixiy suratlar bo‘lib turibdi. Kitoblarni ustozday yaxshi ko‘radigan boshqa bunday odamni ko‘rmaganman. 2000 yillar ustozlar ketma-ket olamdan o‘tgandan keyin Ozod domlaning ketishi bilan adabiyot odamdan o‘tganday tuyulgan, nazarimda.
Bugungi kunda Adiblar xiyobonidagi adabiyotshunos haykali O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetiga biriktirilgan bo‘lib, ayni paytda oliy o‘quv yurtida Ozod Sharafiddinov nomidagi stependiya tashkil etildi. “Publisistika” va “Tahrir faoliyatini tashkil etish va boshqarish” kabi fanlarni o‘qitishda ustozning ijodi asos qilib olingan. Sport jurnalistikasi talabalari o‘rtasida “Ozod Sharafiddinov – usta shaxmatchi” musobaqasini o‘tkazish an’anaga aylandi. Ozod Sharafiddinov muzeyi tashkil etildi. Adabiyotshunosning ijodiy faoliyati bo‘yicha ilmiy ishlar, ilmiy loyihalar va tanlovlar o‘tkazilmoqda. Olim hayoti va ijodi haqida hujjatli film suratga olindi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q