Oliy malaka toifasiga ega pedagoglarga ipoteka krediti uchun subsidiya berish 20-apreldan boshlanadi

Saqlash
12:14 / 16.04.2026 198 0

Oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega pedagoglarga ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyaga arizalar qabul qilish joriy yilning 20-aprel kuni soat 14:00 da boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

 

Subsidiya Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 69-son qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish uchun oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarga subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning 25 foiz qismini qoplab berish uchun davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

 

Ushbu dastur doirasida subsidiya olishda ariza beruvchi barcha ijtimoiy mezonlarga mos kelishi hamda kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga mos boʻlishi talab etiladi.

 

Bunda, ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush oʻrtogʻining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida ikki va undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjud boʻlmasligi, shuningdek, kamida 15-yil pedagogik ish stajiga hamda oliy malaka toifasiga yoki bosh oʻqituvchi lavozimiga ega boʻlishi lozim.

 

Subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish yoki MyGov mobil ilovasi orqali ariza topshirish mumkin.

 

Ariza beruvchi tomonidan ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida shaxsga doir maʻlumotlarni boshqarish paneli orqali ishtirok etuvchi tijorat banklariga kredit tarixini baholash maqsadida tegishli maʻlumotlardan foydalanish uchun ruxsat berilgan boʻlishi lozim (tijorat banklari roʻyxati quyida).

 

Shuningdek, kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha oʻrnatilmagan boʻlishi kerak. Aks holda, ariza beruvchining kredit tarixini oʻrganish imkoniyati cheklanib, bu uning arizasi rad etilishiga sabab boʻladi.

 

Ariza beruvchining kredit tarixi tijorat banklarining ichki qoidalariga muvofiqligini baholash orqali subsidiyali ipoteka kreditlarini ajratish dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklarining roʻyxati:

 

1. “Agrobank” ATB

2. “Aloqabank” ATB

3. “Asakabank” AJ

4. “Asia Alliance Bank” ATB

5. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB

6. “Hamkorbank” ATB

7. “Ipak yoʻli” AITB

8. “Ipotekabank” OTP Group

9. “Mikrokreditbank” ATB

10. “Orient Finans” XATB

11. “Trastbank” XAB

12. “Turonbank” ATB

13. “Xalq banki” ATB

14. “Oʻzmilliybank” AJ

15. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//