Tanzila Norboyeva sustkashlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga ogohlantirish berdi

Saqlash
00:06 / 01.03.2022 861 0

Bugun Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

 

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 16-18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida juda koʻplab ikki tomonlama oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilgan.

 

Davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar yuzasidan Prezidentning alohida qarori qabul qilinib, tegishli amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) qabul qilindi. Qaror bilan Oliy Majlis palatalariga oliy darajadagi kelishuvlarning bajarilishi, tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan qatʼiy parlament nazoratini oʻrnatish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar samaradorligini Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan kelishgan holda baholab borish tavsiya etilgan.

 

Shu maqsadda Senatning 23 yalpi majlisida Senatning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasi tuzildi. Komissiyaning asosiy vazifalaridan biri – mamlakatlar oʻrtasidagi kelishuvlar asosida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hisobot va axborotlarini eshitib borishdir.

 

Komissiya yigʻilishida qayd etilganidek, Prezident qarori bilan qabul qilingan 3 ta amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”)da jami 116 ta chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, yanvar oyi uchun jami 23 ta vazifa belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan maʼlumot taqdim qilish boʻyicha masʼullarga rasmiy xat yuborilgan. Ammo Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jizzax va Samarqand viloyatlari tomonidan soʻrovga eʼtiborsiz boʻlib, javob berilmagan.

 

“Yoʻl xaritasi”ning 9-bandida Jizzax viloyatida Tibbiyot universitetini tashkil etish, uni 2022-2023 oʻquv yilidan ishga tushirish vazifasi qoʻyilgan. Majlisda bu kabi ishlar tahlil qilinar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi masʼul boʻlgan ushbu masalaga vazirliklar tomonidan sustkashlik bilan qaralgani tanqid qilindi. Senat Raisi vazirlik mutasaddilariga ogohlantirish berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//