Navoiyda eskalatordan yiqilgan bolaning ahvoli haqida xabar berildi

Saqlash
15:49 / 21.02.2022 861 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi “Yangi hayot” savdo majmuasida bobo va nabira eskalatordan qulab tushgani aks etgan videolavha tarqalgan edi.

 

Hodisa 18-fevral kuni soat taxminan 20:30 da sodir boʻlgan. Ular majmuaning 5 va 4-qavatlari oraligʻidagi eskalatorda muvozanatini yoʻqotib, 1-qavatga yiqilgan.

 

1969-yilda tugʻilgan fuqaro Sh.T. voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olgan 3 yoshli nabira A.T. esa zudlik bilan viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yotqizilgan.

 

Shundan soʻng unda standart boʻyicha nevrologik, ultratovush va bosh miya MSKTsi kabi qator tekshiruvlar amalga oshirilgan.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, bemor A.T.ga “Qoʻshma jarohat. Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Oʻrta ogʻir darajasi. Peshona sohasi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi. Oʻng tomonlama chanoq suyaklari sinib siljishi. Oʻng oʻpka lat yeyishi. Chap son pastki uchligi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi” dastlabki tashxisi qoʻyilgan.

 

Ayni vaqtda Sogʻliqni saqlash vazirligi bolaning holatini nazoratga olgan. “Tibbiyot xodimlari stabil ogʻir ahvoldagi bemorning hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Unga standart asosida tegishli tibbiy yordam koʻrsatilyapti”, deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//