“Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Saqlash
00:01 / 28.04.2026 25 0

Marg‘ilon shahrida “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan davlat rahbari Farg‘ona ahlini ushbu tarixiy voqea bilan samimiy tabriklab, majmua nafaqat Marg‘ilon, balki butun Farg‘ona vodiysi ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

 

“Mehnatkash, oqko‘ngil va oliyjanob Farg‘ona ahliga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi sifatida bu zaminda katta-katta ishlarni amalga oshiryapmiz.

 

Shu maqsadda, avvalo, viloyatni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hayotga izchil tatbiq etilyapti. Jumladan, qadimiy Qo‘qon shahrini har tomonlama obod qilib, bu yerda aeroportni qayta tikladik. Marg‘ilon, boshqa shahar va tumanlar, qishloq va mahallalar qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ularga Yangi O‘zbekiston nafasi kirib bormoqda. Zamonaviy ishlab chiqarish majmualari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.

 

Bularning barchasi aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish, inson qadrini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir”, dedi Prezident nutqi davomida.

 

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati so‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga ham mezbonlik qilayotganini ta’kidladi.

 

 

Ma’lumot uchun, Qo‘qonda xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumani o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Farg‘onada muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda.

 

Alohida qayt etish lozim, so‘nggi yillarda milliy me’morchilik yechimlari asosida, tarixiy va zamonaviy an’analarni uyg‘unlashtirgan yirik turizm majmualari barpo etilmoqda. Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi. Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam bo‘ldi.

 

Ushbu markaz ekspozitsiyasida Farg‘ona tarixiga alohida o‘rin ajratilgani, to‘rt yirik portaldan biri Qo‘qon portali deb atalgani, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Farg‘oniy va Burhoniddin Marg‘inoniy merosi atroflicha yoritilgani qayd etildi.

 

Davlat rahbari Farg‘ona zaminining boy ma’naviy va madaniy merosiga alohida to‘xtaldi. Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Umarali Normatov, Anvar Obidjon kabi olim va ijodkorlar xalqimiz ma’naviy xazinasiga ulkan hissa qo‘shgani alohida qayd etildi.

 

O‘zbek san’ati va madaniyati ravnaqiga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov kabi ulug‘ san’atkorlar beqiyos hissa qo‘shgani aytildi.

 

 

Prezident nutqi davomida san’at ahlining mehnati va iste’dodini qadrlash, ularning ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta ishlar rejalashtirilayotganini bildirdi. Sherali Jo‘rayev va Farrux Zokirov maktablari tashkil etilgani, kelgusida farg‘onalik ustoz san’atkorlarning ham mahorat maktablari ochilishi ma’lum qilindi.

 

“Bundan tashqari, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va san’at vakillari bilan katta muloqot o‘tkazamiz. Ushbu muloqotda soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari suramiz”, dedi Prezident.

 

“Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi esa Farg‘ona rivojida yangi davrni boshlab berishi urg‘ulandi.

 

”Xalqimizda “To‘yga to‘yona bilan” degan yaxshi gap bor. Farg‘onaga bu safar ham yangi-yangi tashabbuslar, katta-katta loyihalar bilan keldim. Maqsad – viloyat rivojini yangi bosqichga olib chiqish, uni barcha sohalarda namunali hududga aylantirishdan iborat. Bugun ochilayotgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi shu yo‘lda, hech shubhasiz, yangi davrni boshlab beradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Xabarga ko‘ra, milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan 35 gektarlik majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalarini o‘z ichiga oladi.

 

Majmua Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Prezidentimiz bu muhtasham obida Yangi O‘zbekiston mo‘jizalari qatoridan munosib o‘rin egallab, Farg‘ona viloyatining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

 

“Biz ushbu majmuani aynan Marg‘ilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar ko‘plab ilm va ma’rifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlug‘ maskan “Ma’rifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan.

 

Biz ana shunday qudratli ma’naviy merosimizga tayanib, Marg‘ilon, butun Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi”, dedi Prezident.

 

 

Davlat rahbari majmuani bunyod etishda ishtirok etgan olim va loyihachilar, muhandis va quruvchilar, ishchi-xizmatchilar hamda ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//