O‘zbekistonliklar qanchalik tinchliksevar?

Saqlash
16:32 / 27.04.2026 46 0

1166 nafar respondent ishtirok etgan tadqiqotda yuqori faollik Toshkent shahri (149 nafar), Farg‘ona (132 nafar), Qashqadaryo (114 nafar) va Namangan (112 nafar) viloyatlarida kuzatilgan.

 

Ishtirokchilarning 58 foizi erkaklar, 42 foizi ayollar bo‘lib, ularning asosiy qismi 18–45 yosh oralig‘idagi fuqarolardan iborat. So‘rovda jamiyatning turli qatlamlari — davlat xizmatchilari, NNT vakillari, tadbirkorlar, talabalar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qatnashgan.

 

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston jamiyatida tinchlik masalasiga befarqlik yo‘q. Aksincha, yuqori darajadagi hamdardlik va daxldorlik hissi ustun. Masalan, respondentlarning 91,8 foizi boshqa hududlardagi harbiy harakatlarga nisbatan qayg‘u va hamdardlik bildirgan. Shuningdek, xavotir va qo‘rquv kabi hissiyotlar ham yuqori ulushni tashkil etgan.

 

“Bu natijalar fuqarolarning mojarolarni kuch ishlatish orqali hal qilishni qabul qilmasligini, jamiyatda tinchliksevar kayfiyat ustun ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Aholi global voqealarga befarq emas, balki ularga nisbatan ongli va hissiy jihatdan faol munosabatda”, deyiladi tadqiqot xulosasida.

 

So‘rovning muhim jihatlaridan biri — O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatiga bo‘lgan munosabatdir. Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 86,2 foizi ushbu siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa fuqarolar mamlakatning neytral tashqi siyosiy yo‘nalishida milliy xavfsizlik va suverenitetning muhim omilini ko‘rayotganini anglatadi, ya’ni jamiyat tomonidan amaldagi tashqi siyosat keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

 

Respondentlardan global va mintaqaviy mojarolarni hal etishning eng samarali usullari haqida so‘ralganda, mutlaq ko‘pchilik diplomatik yondashuvni tanlagan:
▪️ 68,4% — davlat rahbarlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni eng samarali yo‘l deb hisoblaydi;

 

▪️ 42,1% — xalqaro tashkilotlar (jumladan, BMT) rolini kuchaytirish zarurligini ta’kidlaydi;

 

▪️ 11,7% — nizolarni tomonlarning o‘zaro kelishuvi orqali hal qilish tarafdori;

 

▪️ Atigi 2,4% respondent harbiy kuch ishlatishni maqbul variant sifatida ko‘rsatgan.

 

Bu raqamlar jamiyat ongida kuch emas, muloqot va hamkorlik ustuvor qadriyatga aylanganini bildiradi. 

 

Ta’kidlanishicha, fuqarolar global muammolarni hal qilishda diplomatiya va xalqaro huquq normalariga tayanishni eng maqbul yo‘l deb bilmoqda.

 

So‘rov natijalarining ko‘rsaitishicha, O‘zbekiston jamoatchiligi orasida nafaqat global, balki mintaqaviy tinchlikka bo‘lgan e’tibor ham sezilarli darajada ortib bormoqda. Xususan, respondentlarning 15,4 foizi Markaziy Osiyoda tinchlikni ta’minlash va mustahkamlashni ustuvor yo‘nalish sifatida qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan mintaqaviy barqarorlikka nisbatan ongli va faol munosabat kuchayib borayotganini anglatadi. Fuqarolar tobora ko‘proq Markaziy Osiyoni umumiy xavfsizlik va barqaror rivojlanish makoni sifatida ko‘rmoqda.

 

“So‘rovda ishtirok etganlarning aksariyati uchun tinchlik faqat milliy yoki mintaqaviy tushuncha emas. Respondentlarning 82,5 foizi uchun eng muhim tamoyil — butun dunyoda tinchlik ekanligi qayd etildi. Bu esa fuqarolarning fikrlashi global darajada shakllanib borayotganini ko‘rsatadi”, deyiladi tadqiqot matnida.

 

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari O‘zbekiston jamiyati tinchliksevar, mas’uliyatli va diplomatiyaga yo‘naltirilgan ekanini tasdiqlaydi. Fuqarolar nafaqat jahon kun tartibini kuzatmoqda, balki undagi jarayonlarga nisbatan o‘z pozitsiyasini aniq ifoda etmoqda.

 

Jamiyatning asosiy xulosasi bir jumlada ifodalanadi:
Tinchlik — bu mojarolarning yo‘qligi emas, balki ularni muloqot, ishonch va hamkorlik orqali hal qilish qobiliyatidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//