“Biz O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga katta hurmat bilan qaraymiz”

Saqlash
00:03 / 16.02.2022 1782 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlab “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish vazifalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

 

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilshod Shoumarov qatnashdi.

 

“Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ma’naviy rivojlanishni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishidagi ustuvor maqsad va vazifalar”, “Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish”, “Yangi ma’naviy makon va ma’rifatli jamiyat barpo etish yo‘nalishidagi ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari” mavzularida taniqli olimlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, partiya siyosiy kengashi a’zolari ma’ruza qildilar, birgalikda amalga oshiriladigan ishlar xususida fikr almashdilar.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo o‘z so‘zida oldinda turgan dolzarb vazifalarga to‘xtaldi:

– Biz Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasiga katta hurmat bilan qaraymiz. Chunki bu partiya ko‘proq amaliy loyihalar asosida ishlaydi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir”. Agar o‘z safida milliy iqtisodiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarni birlashtirgan partiya bilan ma’naviy-ma’rifiy tizim jonkuyarlari birlashsa, katta maqsadlar yo‘lida hamkorlik qilsa, juda katta natijalarga erishish mumkin.

 

Bugungi kunda O‘zLiDePning a’zolari soni 1 million 100 mingdan oshgani bejiz emas. Ular orasida ilg‘or fikrli, innovasion yondashuvlari, vatanparvarligi bilan yangi O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yirik tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, taniqli olimlar, quruvchilar, shifokorlar, adabiyot va san’at namoyandalari bor.

 

Mamlakatimiz iqtisodi jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Unda tadbirkor va ishbilarmonlar faol harakat qilmoqda. Bugungi kunda biror bir sohani ularsiz tasavvur qilish qiyin. Tadbirkorlar tomonidan nafaqat yangi ishlab chiqarish korxonalari, balki xususiy ta’lim muassasalari, o‘quv markazlari, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, xususiy tibbiyot muassasalari, nodavlat teleradiokanallar, internet saytlari, reklama agentliklari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur muassasalarda ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar ustuvor bo‘lishi zarur.

Tadbirkorlik madaniyatini va bozor ma’naviyatini yuksaltirishga ehtiyoj bor. Afsuski, bugun mo‘may foyda ilinjida o‘z qadriyatlari ildiziga bolta urayotgan, behayolik, axloqsizlikni targ‘ib etayotgan “uddaburon”lar ham yo‘q emas. Davra suhbatida ana shunday holatlar, jumladan, xususiy teleradiokanallar, reklama agentliklari orqali efirga uzatilayotgan xorijiy seriallar, filmlar, reklama vositalari ma’naviy mezonlar asosida muhokama qilindi.

 

Muhokamada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining mas’ul xodimlari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda partiyadan Toshkent shahar va tuman kengashlariga saylangan deputatlar qatnashdi.

 

Tadbirda Markaz va partiya kelgusida o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradigan ishlar yuzasidan kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//