Jamiyat
Toshkent shahri Yunusobod tumanida kechasi niqobli shaxslar tomonidan 14 tup eldor qaragʻay arralab ketilgani haqida xabar berilgan edi.
2020-yilning yozida ushbu yerni auksion orqali sotib olgan tadbirkor 3-fevral kuni beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilarni yuborib, daraxtlar tagini betonlab tashladi.
2 yildan koʻproq vaqt davomida daraxtlar oʻrnida qurilish boʻlishiga qarshi chiqqan aholi daraxtlarni kesishga bir necha bor urinishlardan soʻng, videokuzatuv kameralarini oʻrnatgan. Ushbu kamerada tasvirlarda beton aralashtiruvchi mashina yer uchastkasiga kirib, beton qorishmasini toʻkayotgani aks etgan.
Shundan soʻng aholi va tadbirkor oʻrtasida mojaro yuzaga kelgan. Voqea joyiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Davlat ekologiya qoʻmitasi vakillari yetib kelgan. Xodimlarning daraxtlarga zarar yetkazish taqiqlangani haqidagi gaplariga tadbirkor boshqa birovning emas, balki oʻziga tegishli boʻlgan yer uchastkasini betonlab tashlayotganini aytadi.
Maʼlumotlarga koʻra, mojaro vaqtida bir nechta fuqarolar yengil tan jarohatlari olgan. Tadbirkor va uning sheriklari Yunusobod tuman 4-son ichki ishlar boʻlimiga olib ketilgan. Tuman ekologiya inspeksiyasi boshligʻi Dilshod Sadirov tadbirkorga daraxtlarni koʻchirib oʻtkazish rad etilganini maʼlum qilgan. “Ularning maqsadi — shu yerda qurilishni boshlash. Lekin bunga ruxsat olinmagan”, deydi u.
Davlat ekologiya qoʻmitasi axborot xizmati xabar berishicha, daraxtlarning tag qismi beton qorishmalaridan tozalangan. Shuningdek, qoʻmita raisi N.Oblomuradov tomonidan Ekologiya, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda navbatchilik tashkil etilib, 24 soat nazoratga olish vazifasi topshirildi. Ayni damda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q