Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Saqlash
13:55 / 12.05.2026 24 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Istanbul shahrida oʻtkazilayotgan Yevroosiyo iqtisodiy sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlab, ezgu tilaklarini yoʻlladi. Murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Eldor Oripov tomonidan sammit ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi.

 

Prezident oʻtgan oʻn yillar davomida Sammit yetakchi siyosatchilar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan muhim muloqot maydoni sifatida oʻzini namoyon etganini qayd etdi. Unga koʻra, anjumanning Istanbulda oʻtkazilishi alohida ramziy maʼnoga ega. Asrlar davomida bu betakror shahar Yevropa va Osiyo oʻrtasida koʻprik boʻlib, mintaqalararo madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qoʻshib keladi.

 

Prezident bugungi kunda zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanning “Turkiya asri” strategik gʻoyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladi. Unga koʻra, Turkiya global kun tartibidagi dolzarb muammolarni samarali hal etish yoʻlida oʻz saʼy-harakatlarini toʻliq safarbar etib, xalqaro munosabatlarning ishonchli va nufuzli ishtirokchisi sifatida taʼsiri ortib bormoqda.

 

Prezident Erdogʻanning qatʼiy intilishlari tufayli bugun Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari keng koʻlamli strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

 

Qayd etilishicha, davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning eng ustuvor yoʻnalishlari Yevroosiyo iqtisodiy sammitining asosiy maqsadlari – teng huquqlilik, ishonch va oʻzaro hurmatga asoslangan keng qamrovli sheriklik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga toʻla mos keladi.

 

 

“Bu galgi Sammitning asosiy mavzularidan biri sifatida suv tanqisligi va “yashil” resurslar sharoitida global masʼuliyat masalasi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo tobora avj olayotgan iqlim xavf-xatarlariga, xususan, choʻllanish, tuproq yemirilishi, suv tanqisligi va ekologik vaziyat yomonlashuviga duch kelmoqda. Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlar ayniqsa keskin namoyon boʻlyapti: harorat oshish surʼatlari koʻrsatkichi jahon miqyosidagi oʻrtacha meʼyorlardan yuqori boʻlib, muzliklar yemirilmoqda, tuproq degradatsiyasi kuchaymoqda”, deyiladi Prezident murojaatining anjuman ishtirokchilariga qaratilgan qismida.

 

Bunday sharoitda ekologik barqarorlikni taʼminlash Yangi Oʻzbekistonni taraqqiy ettirishning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

 

“Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida esa ulkan yashil himoya maydonlari yaratilmoqda.

 

Oʻzbekiston rivojlanishning yashil modeliga izchillik bilan oʻtmoqdamiz, bu jarayonda zararli chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirib, 2035-yilga qadar ularni 50 foizgacha kamaytirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, suv resurslarini samarali boshqarish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har yili katta miqdorda suv zaxiralarini tejash imkonini beradi.

 

Oʻzbekiston bundan buyon ham “yashil” kun tartibini faol ilgari surish hamda global ekologik xavflarni samarali hal etish yoʻllarini topishga hissa qoʻshishni faol davom ettiradi.

 

“Shu munosabat bilan sizlarni mamlakatimizdagi xalqaro tadbirlarda, xususan, Samarqandda boʻlib oʻtadigan Global ekologik jamgʻarma Assambleyasida va Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etaman”, dedi Prezident.

 

Shavkat Mirziyoyev birgalikda amalga oshiriladigan saʼy-harakatlar xalqaro iqlim hamkorligi kun tartibiga, jumladan, BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha boʻlajak konferensiyasiga tayyorgarlik jarayoniga amaliy hissa qoʻshishiga iishonch bildirdi.

 

Prezident tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston keng koʻlamli hamkorlik uchun doim ochiq va kelgusida ham barqaror rivojlanishni taʼminlashga koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi. Unga kora, biz barcha saʼy-harakatlarimizni birlashtirgan holdagina bugungi va kelgusi avlodlar uchun farovon kelajakni taʼminlay olamiz. Sammit qatnashchilari faoliyatiga omad va katta amaliy natijalar yor boʻlishini tilayman.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//