Parkent tumani hokimligi qadimiy yodgorlikni gʻisht sexi tashkil etish uchun uchun sotib yubordi

Saqlash
16:46 / 02.02.2022 1266 0

Toshkent viloyatidagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali «U.Q.B” MCHJga xom gʻisht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan. Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Aniqlanishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy Roʻyxatiga kiritilgan. Davlat mulki hisoblangan ushbu obyekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan. Keyinroq, arxeologiya inshootini “U.Q.B” MCHJ rahbarlari qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.M.P.” MCHJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik subyekti ham oʻz navbatida, bu obyektda xom gʻisht ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.

 

Mazkur sex uchun xom-ashyo, yaʼni tuproq mahsulotini yetkazib berish majburiyatini “U.Q.B” MCHJ oʻz zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar yetkazilgan.

 

Ushbu noqonuniy xatti-harakatdan xabar topgan Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020-yilda yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora koʻrish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni soʻrab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan. Shunga qaramasdan, MCHJ masʼullari faoliyatini davom ettirib kelgan.

 

Ushbu holat boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari hamda hududiy davlat va jamoat tashkilotlarining masʼul xodimlari oʻrganish ishlarini olib borgan. Ushbu arxeologiya obyekti eramizning I-IV asrlariga oid boʻlib, koʻchmanchi chorvadorlarga tegishli qabriston yodgorligi ekani aniqlangan.

 

“Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, «U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligi hududida xom gʻisht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning obyektiga 1,5 trln. soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan”, deyiladi xabarda.

 

Mazkur holat yuzasidan 2021-yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//