Vazirlik Kundalik.com tizimi bilan bogʻliq qator oʻzgarishlarni maʼlum qildi

Saqlash
18:52 / 01.02.2022 1212 0

Onlayn taʼlim davri yakuniga qadar “Kundalik” platformasi bilan bogʻliq bir qator cheklov va talablar bekor qilinadi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo boʻylab yuzaga kelgan «blekaut» sababli Kundalik platformasida uzilishlar yuzaga kelgan. Shu bois endilikda oʻqituvchilar uyga vazifalarni oʻquvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda Kundalik.com tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkin.

 

Bunda televideniye orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida oʻqituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar “Onlayn-maktab” televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos boʻlishi lozim.

 

Uyga vazifa topshirilgandan keyin oʻqituvchilar tomonidan ularni baholash va qoʻyilgan baholarni Kundalik.com tizimiga yoki Kundalik.com joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qoʻyish uchun 5 (besh) kun muddat beriladi.

 

Shuningdek, oʻqituvchilar har kunlik uyga vazifalarni belgilangan ish meʼyorlari va vaqtlari doirasida, bir kunda koʻpi bilan 20 (yigirma) foizini baholashi mumkin. Masalan, sinfda 35 nafar oʻqituvchi boʻlsa, bir kunda 7 nafar oʻquvchi uyga vazifa topshirib baholanadi, keyingi dars uchun keyingi 7 kishi baholanadi va hokazo, ushbu meʼyordan ortiq oʻquvchini baholash oʻqituvchining oʻz ixtiyoriga koʻra, oʻquvchi va ota-onalar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

 

“Shu bilan birga oʻqituvchilarimizga masofaviy, yaʼni onlayn shakldagi taʼlim davri mobaynida Kundalik.com statistik hisobotida «darslarni oʻz vaqtida qayd etish” va “rejalashtirish” koʻrsatkichlari hisobga olinmasligini maʼlum qilamiz.

 

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ushbu koʻrsatma xati bugun barcha umumtaʼlim muassasalariga yetkaziladi. Yuqorida keltirilgan muammolarni ushbu koʻrsatma xati asosida bartaraf etishga hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari rahbarlari hamda umumtaʼlim muassasa direktorlari shaxsan javobgar hisoblanadilar», deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//