Oʻzbekistonda Amir Temur “oʻlim otasi” deb talqin qilingan videorolik suratga olindi – taniqli shoir Xurshid Davron bunga ruxsat berganlardan izoh soʻramoqda

Saqlash
00:58 / 01.02.2022 1227 1

Turizm va sport vazirligining “Feysbuk”dagi sahifasida va “Yutub”dagi “Mendirman Jaloliddin” kanalida “Indiana Jons Oʻzbekistonda” nomi bilan qisqa metrajli videorolik taqdim etilib, unga quyidagi izoh ilova qilingan: “AQSHlik videobloggerlar jamoasi Indiana Jons ruhidagi qisqa video suratga olishdi. Filmga oʻzbekistonlik Bexruz Hamzayev prodyuserlik qilgan, rejissyori esa Devin Grexem”.

 

“Men dastlab ushbu videorolik Oʻzbekistonga chet elliklar turistlar koʻproq kelishi uchun olingan boʻlsa kerak, deb taxmin qildim. Ammo boshidagi ovozli maʼlumotni eshitib, sochlarim tikka boʻlib ketdi, yuragim ham gʻazabga, ham alamga toʻldi”, deb yozadi Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron.

 

Videorolik mana bunday maʼlumot bilan boshlangan: “Timur, Tamerlan – dunyodagi eng mashhur bosqinchilardan biri boʻlib, u haqidagi barcha hikoyalar qonli daryolar bilan tugaydi. Uning qoʻlida 17 milliondan ortiq odam halok boʻlgan. U XIV asrda Yer yuzidagi barcha aholining 5 foizini qirib tashladi. “Oʻlim otasi” sifatida ham tanilgan. Dafn etilganida qabr toshiga laʼnat oʻyib yozilgan: “Kim mening qabrimni ochishga jurʼat etsa, mendan ham qattol bosqinchiga yoʻliqadi”. 1941-yili SSSR hukumati uning qabrini ochdi va bir necha soatdan keyin Adolf Gitler qoʻshinlari SSSRga bostirib kirdi. Jasad joyiga qaytarildi, urush toʻsatdan tugadi...”

 

“Nahotki, Oʻzbekistonni dunyo odamlariga tanitish uchun oʻzbek milliy davlatchiligining timsollaridan biriga aylangan Sohibqiron bobomizni yerga urish, toptash kerak boʻlsa?!

 

Nahotki, biror bir jiddiy va ilmiy jihatdan tadqiq etilmagan, asosan islom olamining dushmanlari boʻlmish gʻarb va armani “tarixchi”larning yolgʻonga toʻla asarlaridan koʻr-koʻrona olingan soxta maʼlumotlardan foydalanish mumkin boʻlsa?!

 

Nahotki, mazkur ishga boshu qosh boʻlgan oʻzbekistonlik vakillar buning uyalmasdan tuzluqqa tupurish ekanini tushunishmasa?!” deb yozmoqda taniqli shoir.

 

Ushbu holat yuzasidan Turizm va sport vazirligidan izoh soʻralgan: “Kechadan beri menga qoʻngʻiroq va SMSlar yozayotgan yurtdagi va chet eldagi vatandoshlarimizga nima deyishimni bilmay, sizdan soʻrayapman: Biz buni qanday tushunimiz kerak!”

1 Izoh

Xolis

12:01 / 01.01.1970

Men videorolikni koʼrganim yoʻq. OAVdan oʻqib bildim. Masʼullar buni qanday izohlashidan qatʼiy nazar, rolikni maxsus tayyorlangani koʻrinib turibdi. Bu rolikni efirga uzatishdan baʼzi ishtahasi "karnaylar" manfaati boʻy koʻrsatibdi. Ularning va ularga oʻxshaganlarning manfaati butun boshli bir yurtning maʼnaviy manfaatlaridan ham ustunmi? Bu gʻirt savodsizlik, masʼuliyatsizlik va nomussizlikdan boshqa narsa emas-ov?

Izoh qoldirish

//