“O‘zarxiv”dagi xalqqa ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlar ochiqlandi

Saqlash
20:20 / 25.08.2021 1115 0

Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston arxivlari” nomli hujjatli film premerasi, “O‘zbekiston arxivlari” kitobi hamda “Mustaqillik 30” veb-sayti taqdimoti munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. unda “O‘zarxiv” agentligi, Kinematografiya agentligi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Milliy kutubxona, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari, OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Arxiv sizu biz ko‘rmagan tarixdan to bugungacha bo‘lgan davrning tilsiz guvohidir. So‘nggi yillarda ushbu murakkab sohaga e’tibor tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, yopiq ma’lumotlarning ochilishi eng muhim voqealardan biri bo‘ldi.

O‘zbek xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks etgan film

Bugun yana bir muhim tadbir munosabati bilan press-brifing tashkil etildi. Tadbir avvalida so‘zga chiqqan “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov agentlik buyurtmasiga binoan Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olingan “Yangi O‘zbekiston arxivlari” hujjatli filmi sohada mehnat qilayotgan ustozlar va yoshlarning xalqimiz moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarini saqlash borasidagi mehnatlarini aks ettirilgani to‘g‘risida so‘zladi.

Anjumanda, shuningdek, “Soha iftixori” ko‘krak nishoni sohibasi Dilbar Zakirova, film rejissyori, ssenariy muallifi Abdusamat Salomovlar o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Film tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi va tez kunlarda Ommaviy axborot vositalari orqali film namoyish etilishi ma’lum qilindi.

Ko‘plab davlat va shaxsiy tarkib hujjatlari jamlangan kitob-albomi chop etildi

Matbuot anjumanida, shu bilan birga, Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan agentlik tomonidan “O‘zbekiston arxivlari” axborot kitob-albomi chop etilgani ma’lum qilindi.

Mazkur kitob-albomda alohida qimmatli arxiv hujjatlari va materiallar, “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi respublikada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 3 ta Milliy arxivlar, 14 ta arxiv ishi hududiy boshqarmalari, 101 ta davlat va 123 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

“Mustaqillik 30” veb-saytida yopiq ma’lumotlar xalqqa ochiqlandi

Istiqlol bayrami munosabati bilan qilingan yangi zamonaviy loyihalarlan yana biri bu “Mustaqillik 30” veb-saytining yaratilishi bo‘ldi. Mazkur elektron platforma internet orqali foydalanuvchilarga mustaqillikning ilk yillarida yurtimizda qabul qilingan muhim arxiv hujjatlari bilan tanishish, o‘sha davrda tasvirga olingan fotosuratlar va videolavhalar orqali aniq tasavvurga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Ayni paytda saytda davlat arxivlari saqlovidagi “Hujjatlar” haqidagi ma’lumotlar, “Foto-galereya” hamda “Gazetalar” qismida bir qator muhim ma’lumotlar mavjud.

Saytning ahamiyatli jihati unda ilgari aholi e’tiboriga havola qilinmagan ma’lumotlar ham o‘rin olgan.

 
                                                                                                                                                                                                                      Oyina.uz

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//