Toshkent viloyatida siam egizaklari murakkab operatsiya orqali ajratib olindi

Saqlash
09:43 / 09.10.2025 61 0

 

Toshkent viloyatidagi shifoxonada siam egizaklari muddatidan avval, homiladorlikning 33-34-haftasida kesarcha kesish yoʻli bilan dunyoga keldi. Ular tugʻuruqdan toʻqqiz soat oʻtib, shoshilinch ravishda va mahalliy sharoitda oʻta murakkab amaliyot orqali ajratib olingan.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi murakkab operatsiya besh soat davom etganini maʼlum qildi. Xabarga koʻra, operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan. Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ushbu chaqaloqlar holidan xabar olgan.

 

 

“Bunday oʻta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi. Hatto tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan soʻng bajariladi. Chunki bu oʻta noyob operatsiya. Mana shunday muddatidan avval tugʻilgan siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga koʻtarilganining yorqin dalilidir”, degan vazir.

 

Siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir vazir tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

 

Salomatligi yaxshilangan chaqaloqlar va ularning onasiga shifoxonadan uyiga javob berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//