
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga oʻsib, 34 trillion soʻmga yetdi. Eksport 970 million dollarni tashkil qildi.
Shu bilan birga, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa ekani hamda mis mahsulotlari eksportining atigi 60 foizi yuqori qoʻshilgan qiymatli tovarlar ulushiga toʻgʻri kelgani maʼlum qilindi.
Taqdimotda chuqur qayta ishlashni ragʻbatlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi. Jumladan, misni xarid qilishda chegirma, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.
Yangi loyihalar hisobiga mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.
Serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-oʻlchov va avtomatika vositalari, smart-kartalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish kabi qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar toʻgʻrisida axborot berildi. Umuman, bu yoʻnalishda 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha shakllantirilgan boʻlib, ular orqali 14,5 ming yangi ish oʻrni yaratiladi.
Taqdimotda hududlardagi elektrotexnika texnoparklarining faoliyati ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga aʼzo organ sifatida qabul qilindi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlarining 53 davlatda tan olinishini taʼminlaydi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlikni baholash tizimini yoʻlga qoʻymoqda. Bu orqali Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevroittifoq talablariga moslikni tasdiqlovchi “CE” belgisi beriladi. Bu esa Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.
Davlat rahbari rejalashtirilgan chora-tadbirlar va loyihalar ijrosini jadallashtirish, eksportning oʻsish surʼatlarini saqlab qolib, yangi bozorlarga chiqish boʻyicha aniq topshiriqlar bergan.
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q