Endi vazir va hokimlikka nomzodlar korrupsiyaga qarshi kurash rejasini taqdim etadi

Saqlash
14:29 / 08.10.2025 45 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 7-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir va hokim lavozimiga nomzodlar parlament hamda kengashlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha reja taqdim etishi shartligini belgilaydigan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.

 

Deputat Anvarxon Temirov mazkur qonun kadrlar tanlashda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilganini ta’kidladi.

 

Hujjat qabul qilinsa, mahalliy davlat hokimiyati organlari to‘g‘risidagi qonunlarga, Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasi reglamentlariga o‘zgartishlar kiritiladi.

 

“Qonun barcha vazirlik va idoralar tomonidan ma’qullangan. Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ talab etilmaydi. O‘ylaymizki, u korrupsiyaga qarshi tizimli kurashni davom ettirish uchun mustahkam qonunchilik asosini yaratadi”, — dedi deputat.

 

Muhokama chog‘ida deputat Shuhrat Sharafutdinov “Korrupsiyaga qarshi kurash” atamasi profilaktika choralarini ham o‘z ichiga oladimi-yo‘qligiga aniqlik kiritdi. Temirovning ta’kidlashicha, bu korrupsiyaning oldini olish va unga chek qo‘yishni ichiga olgan kompleks yondashuv.

 

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qilindi, uni 123 deputat yoqlab, olti nafar deputat betaraf qoldi. Hujjat loyihasi Senatga yuborishdan oldin uchinchi o‘qishdan o‘tishi kerak bo‘lgan boshqa qonun bilan birlashtiriladi.

 

Gazeta avvalroq xabar qilganidek, 2024-yilda O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlari uchun 7354 kishi jazolandi, bu o‘tgan yilga nisbatan 12,5% ko‘p. Korrupsiyadan zarar ikki baravar oshdi — 2,8 trln so‘m. Sudlanganlar va zararlar soni bo‘yicha Andijon viloyati yetakchi. Eng ko‘p sudlanganlar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridan bo‘ldi.

 

O‘tgan yili korrupsiya uchun sudlangan har besh kishidan biri ozodlikdan mahrum qilingan. Bunday hukmlar biroz ko‘paygan bo‘lsa-da, sudlanganlarning 40 foizidan ko‘pi hali ham axloq tuzatish ishlari bilan jazolanmoqda. Ozodlikni cheklash shaklidagi hukmlar kamaydi, jarimalar ulushi esa o‘sgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//