Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari ma’lum qilindi

Saqlash
17:30 / 08.10.2025 44 0

Susumu Kitagava (Kioto universiteti, Yaponiya), Richard Robson (Melburn universiteti, Avstraliya) va Omar Yagi (Berklidagi Kaliforniya universiteti, AQSh) “metallorganik karkas tuzilmalarini ishlab chiqqani uchun” 2025-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘ldi.

 

“Laureatlar molekulyar arxitekturaning yangi turini ishlab chiqdi. Ular yaratgan konstruksiyalar — metallorganik karkasli strukturalar (MOF) molekulalar kirib borishi va chiqishi mumkin bo‘lgan katta bo‘shliqlarni o‘z ichiga oladi. Tadqiqotchilar ulardan cho‘llar havosidan suv yig‘ish, suvdan ifloslantiruvchi moddalarni ajratib olish, karbonat angidridni ushlab qolish va vodorodni saqlash uchun foydalandi”, — deya ta’kidladi Nobel qo‘mitasi.

 

“Ushbu kashfiyotlardan so‘ng kimyogarlar o‘n minglab turli xil MOF’larni yaratdi. Ulardan ba’zilari insoniyatning eng muhim vazifalarini hal qilishga hissa qo‘shishi mumkin, jumladan, PFAS (per- va poliftoralkil birikmalar — tahr.)ni suvdan ajratish, atrof-muhitdagi farmatsevtik preparatlar izlarini parchalash, karbonat angidridni ushlab qolish yoki cho‘llar havosidan suv yig‘ish”, — deyiladi qo‘mita matbuot xabarida.

 

9-oktyabr kuni adabiyot bo‘yicha mukofot sohibi ma’lum bo‘ladi. Tinchlik mukofoti laureati 10-oktyabr kuni e’lon qilinadi. 1969-yilda Shvetsiya Banki tomonidan ta’sis etilgan, Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiy fanlar bo‘yicha mukofot 13-oktyabr kuni topshiriladi. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10-dekabr kuni Stokgolmda (Shvetsiya) bo‘lib o‘tadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//