Endi Qozogʻistonda pedofillar uchun kastratsiya qo’llanadi

Saqlash
13:27 / 08.10.2025 97 0

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri 1-oktyabr kuni voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan jinoyatchilarga kimyoviy kastratsiya qo‘llash qoidalarini o‘zgartiruvchi buyruqni imzoladi. Endilikda pedofillar ozodlikka chiqishidan olti oy oldin kastratsiya qilinadi.

 

Bunday chora 18 yoshdan oshgan, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tayinlanadi. Qaror sud tomonidan qabul qilinadi va darhol kuchga kiradi. Jarayon bevosita mahkum jazoni o‘tayotgan muassasada o‘tkaziladi.

 

Agar mahkum probatsiyada bo‘lsa yoki jarima to‘lashi kerak bo‘lsa, kastratsiya ambulatoriya psixiatriya yordami ko‘rsatadigan klinikada amalga oshiriladi.

 

Kimyoviy kastratsiya ozodlikka chiqishdan 6 oy oldin qo‘llaniladi. Tayyorgarlik ko‘rish uchun qamoqxona ma’muriyati muddat tugashidan 12 oy oldin hujjatlarni to‘plab, sudga yuboradi. Sud mahkumning ruhiy muammolari yoki jinsiy zo‘ravonlikka moyilligi bor-yo‘qligini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlaydi.

 

Bu o‘zgarishlar allaqachon ruhiy kasallik tashxisi qo‘yilgan, ammo jinoyat uchun javobgarlikni istisno qilmaydigan shaxslarga taalluqli emas. Bunday odamlarga sud oldindan boshqa tibbiy choralarni belgilashi mumkin. Yangi tartib 2025-yil 17-oktyabrdan kuchga kiradi.

 

Qozog‘istonda 2022-yildan boshlab pedofillar elektron bilaguzuk taqa boshlagan. 2024-yilda deputatlar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarga jarrohlik yo‘li bilan kastratsiya qilish masalasini muhokama qilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//