“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash toʻgʻrisida

Saqlash
14:34 / 24.08.2021 1026 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni 

Yangi Oʻzbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yillik bayramini xalqimiz katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida oʻtgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.

Bunday olijanob insonlarning el-yurt oldidagi xizmatlarini eʼtirof etish va munosib taqdirlash vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni yuksak marralar sari ruhlantirish, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qoʻshayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna boʻlib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik koʻrsatayotgan yurtdoshlarimizni “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika idoralari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan roʻyxatlarni koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va boshqa mutasaddi rahbarlar “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarini Mustaqillik bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tantanali vaziyatda topshirishni taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarini topshirishga bagʻishlangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                             Sh.MIRZIYOYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//