Respublika taʼlim markazi direktori geografiya fani soatlari qisqartirilishi yuzasidan tushuntirish berdi

Saqlash
00:09 / 25.01.2022 966 0

“Geografiya” fani dars soatlarining qisqartirilishi borasidagi eʼtirozlarga Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov munosabat bildirdi.

 

Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov 21-yanvar kuni AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanidan soʻng uni kutib turgan geografiya oʻqituvchilari bilan uchrashganini maʼlum qildi.

 

“...Brifingdan chiqsam, Navoiy 30 kiraverishida bir guruh geografiya fani ustozlari meni kutib turishgan ekan. 3-5 yillik ish tajribasiga ega, aksari yosh yigitlar. Birovlari uzoq viloyatdan kelishibdi.

 

Kimdir ularga sizlarga kirishni taqiqlashdi, debdi. Eshitib biroz xijolat boʻldim, gʻashlandim. Ustozlarni olib, Respublika taʼlim markaziga keldik.

 

Geografiya fani bilan bogʻliq oʻzgarish va muammolarni ochiqchasiga gaplashdik. Ular fan taqdiridan xavotirda ekanliklarini bildirishdi. Men esa birgalikda jamoa boʻlib fanning jozibadorligini oshirish yoʻlida bizning ekspertlarimiz boʻlishni taklif qildim. Ularni qiynayotgan masalalarni birgalashib hal qiladigan boʻldik», degan u.

 

Shuhrat Sattorov “Fanni yoʻq qilmoqchimasmiz, muammoning ildizi boshqa yerda”, deya taʼkidlagan.

 

“Qachonlardir maktab taʼlimi uchun fanlar soatlari taqsimlanganida "pirog" taxminlar va ichki sezgi asosida boʻlingan. Bunda tadqiqot yoki tajribaga asoslanilgan emas. Undan keyin esa turli idora va qarorlar aralashuvi bilan kerak-kerakmas fanlar “tugʻila boshladi”. Fanlar koʻpaydi, takror va nafsiz mavzular koʻpaydi. Bundan ayrimlar manfaatdor ham boʻlishgan.

 

“Ochko toʻplash”, hujjatlarni “yopish” ortidan maktab bilan birga, butun boshli 3 avlod qurbon boʻlayotgani hech kimni qiziqtirmagan. Ustiga-ustak, eskicha metodika, 50 yillik yondashuv va kontent yangi avlod uchun bamisoli jazo edi. Maktab tobora zerikarli makonga aylandi, bolalar undan tom maʼnoda zerika boshlagan edi. Ammo azbaroyi diplom orzusi ular dalil va raqamlarni yod olishar, hayotda esa oʻrganganlarini ishlatishmasdi.

 

Ana shunday bir paytda Xalq taʼlimi vazirligi oldiga Shavkat Mirziyoyev jozibador taʼlimni yaratish, dastur, darsliklar va metodikani yangilash vazifasini qoʻydi. Oldimizda standartlarni yangilash, dastur mavzularini zamonaviylashtirish va tartiblash, fanlarni va 11 yillik oʻquv yuklamasini kamaytirish vazifasi turibdi.

 

Maqsad yoʻlida deyarli yarim ming nafar inson jipslashdi. Ularning aksariyati oʻqituvchilar – eng yaxshi, eng fidoyilari.

 

Bizdan yangilik kutishgani uchun jahonning eng yaxshi tajribalari asosida dastur va darsliklar tayyorlanmoqda, oʻzgarishlar qilinmoqda. Ular ehtimol sizga hozir sezilmayotgandir, ammo taʼlimda bu uchun kamida besh-olti yil kerak. Mavzular tartiblanganda va tahrirlanganda ayrim fan soatlarida oʻzgarishlar boʻldi.

 

Soat – oʻqituvchilarning nozik nuqtasi. Chunki uning rizq-roʻzi soatda, uyining barakasi – soatda. Sanoqli davlatlar qatorida Oʻzbekiston ham oʻqituvchilarga dars soatiga qarab oylik toʻlaydi. Yillar davomida soatlar ketidan, raqamlar ketidan chopdik, sifat oʻz holicha tashlab qoʻyildi. Bugun anglayapmanki, oʻqituvchilar oyligi soat bilan bogʻlanar ekan, oʻzbekistonlik oʻquvchilarni keraksiz fanlardan, ogʻir oʻquv yuklamasidan xalos qila olmaymiz», deydi u.

 

Markaz direktori oʻzgarishlarni notoʻgʻri talqin qilayotganlarga murojaat etgan.

 

“Bugun islohotlarni notoʻgʻri talqin etayotganlarga shuni aytmoqchimanki, bugun biz oʻzgarishlar qilayotgan maktablarda oʻzimizning ham farzandlarimiz oʻqiydi. Shu sababli har qanday qaror ortida shaxsiy hushyorlik ham turadi. Bugungi oʻzgarishlar oʻquvchilarimizga kechagidan yuz chandon foydali ekaniga ishonchim komil. Farzandingiz siz kabi hayotdan xafa, omadsiz boʻlib ulgʻayishini istamasangiz, bizga siz oʻqigan zerikarli va foydasiz taʼlimni oʻzgartirishga yordam bering. Hech boʻlmasa, xalaqit qilmang!” deya taʼkidlagan u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//