“Eng yaxshi soliq toʻlovchi mahalla” reytingi shakllantiriladi

Saqlash
18:14 / 14.10.2025 37 0

“Tashabbusli byudjet” boʻyicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning oʻzi faol boʻlib boshlagan loyihalarga koʻmak beradigan tizim joriy qilindi. Bu haqda Prezident boshchiligida oʻtkazilgan videoselektorda maʼlum qilindi.

 

Unga koʻra, qaysi mahallada aholi yoʻl, suv, maktab yo bogʻchani taʼmirlashni boshlagan boʻlsa, xarajatining yarmini davlat koʻtaradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 milliard soʻm ajratiladi. Mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yigʻilishida maʼlumot berildi.

 

 

Bundan tashqari, joriy yildan boshlab Soliq qoʻmitasi yer va mol-mulk soliqlarini toʻlanganlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq toʻlovchi mahalla” reytingini eʼlon qiladi. Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi boʻyicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan toʻlab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qoʻshimcha 2 milliard soʻmdan ajratiladi.

 

Qonunchilik palatasi deputatlariga oʻz okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard soʻmdan mablagʻ beriladi. Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish boʻyicha jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yoʻnaltiriladi. Mahallalar byudjetiga 2026-yildan boshlab har yili 200 milliard soʻmdan ajratiladi.

 

Prezident qayd etilgan beshta manba hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qoʻshimcha 8,5 trillion soʻm mablagʻ berilishini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//