Moddiy madaniy meros obyektlari soni 8 437 taga yetdi

Saqlash
11:24 / 14.05.2026 37 0

“Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, mamlakat hududidagi moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish tizimi takomillashtiriladi va davlat himoyasi kuchaytiriladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

 

Hujjatga muvofiq, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan arxeologik yodgorliklar, tarixiy va me’moriy inshootlar, monumental san’at obyektlari hamda diqqatga sazovor maskanlarning milliy ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi. Natijada, bir qator yangi obyektlar davlat muhofazasiga olinib, ularga madaniy meros maqomi berildi.

 

 

Shuningdek, ayrim obyektlarning balans saqlovchilari, foydalanish huquqi hamda muhofaza hududlariga oid ma’lumotlar ham yangilandi. Bu esa madaniy meros obyektlarini asrash, ulardan oqilona foydalanish va kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Qarorga muvofiq, Madaniy meros agentligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda obyektlarni belgilangan tartibda davlat kadastriga kiritib borish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, moddiy madaniy meros obyektlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning texnik holatini monitoring qilish hamda davlat muhofazasini mustahkamlash ishlari izchil davom ettiriladi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida, shu kungacha milliy ro‘yxatga kiritilgan 8 370 ta madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan edi. Yangi tasdiqlangan qarorga asosan yana 67 ta yangi obyekt ro‘yxatga qo‘shilib, muhofazadagi obyektlar soni 8 437 taga yetdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//