SSV O‘zbekistonda hantavirus tarqalish ehtimoli bo‘yicha ma’lumot berdi

Saqlash
09:03 / 13.05.2026 36 0

So‘nggi paytlarda dunyodagi ayrim davlatlarda hantavirus infeksiyasi tarqalayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat yuzasidan xabar berdi.

 

Qo‘mita vakili ma’lum qilishicha, hozircha mamlakatda hantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Unga ko‘ra, virusologik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda va epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi.

 

JSST xabar qilishicha, hantavirus koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas va global pandemiyaga sabab bo‘lmaydi. Mutaxassislar virusning 20 dan ortiq turi mavjudligini, biroq ularning faqat ayrimlari odamlarda kasallik keltirib chiqarishini ta’kidlamoqda. Kasallik ko‘proq Lotin Amerikasi davlatlarida, jumladan Argentina, Chili va Braziliyada uchraydi.

 

Qayd etilishicha, Hantavirus asosan kemiruvchilar orasida tarqaladi va odamlarga kam hollarda yuqadi. Infeksiya ko‘pincha kemiruvchilarning siydigi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan chang, buyum va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishi mumkin.

 

Kasallik tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, mushak hamda qorin sohasidagi og‘riqlar bilan kechishi mumkin. Og‘ir holatlarda esa buyrak yetishmovchiligi, yurak-qon tomir va nafas olish tizimi bilan bog‘liq asoratlar kuzatiladi.

 

“Hozircha hantavirusga qarshi maxsus vaksina va alohida davolash protokoli mavjud emas. Davolash bemorda kuzatilayotgan simptomlarga qarab olib boriladi”, deyiladi SSV xabarida.

 

Mutaxassislar fuqarolarga shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, yashash va ish joylarini ozoda saqlash, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz saqlash, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish hamda ombor va yopiq xonalarni muntazam shamollatib turishni tavsiya qilmoqda.

 

Shuningdek, endemik hududlarga borib kelgan fuqarolardan bu haqda oilaviy poliklinikaga xabar berish so‘raldi. Vazirlik ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatdagi 53 ta chegara punktida yuqumli kasalliklarning kirib kelishini oldini olish bo‘yicha doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//