“Elektron retsept” tizimi bekor qilinmaydi – SSV

Saqlash
12:59 / 01.05.2026 30 0

“Elektron retsept” tizimi bekor qilinishi mazmunidagi xabarlar tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalar boshlandi. Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirib, tizim bekor qilinmagani haqida aytib o‘tdi.

 

Aniqlanishicha, bunday xabarlar tarqalishiga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Elektron retsept’ tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyruq loyihasi sabab bo‘lgan. Vazirlikka ko‘ra, mazkur buyruq loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yil 15-dekabrdagi 25-son buyrug‘ida “Elektron resept” tizimi asosida beriladigan dori vositalarining ro‘yxati bosqichma-bosqich shakllantirilishi ko'zda tutilgan.

 

Ya’ni, birinchi bosqichda tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy bo‘lishi belgilangan.

 

“Yangi buyruq loyihasida esa Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da joylashgan barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarda retsept bilan beriladigan dori vositalari elektron retsept tizimiga to‘liq o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda”, deya aniqlik kiritildi rasmiy xabarda.

 

Ta’kidlanishicha, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursatsiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno.

 

Yangi loyihaga ko‘ra, ushbu normativ-huquqiy hujjatni qabul qilinishi natijasida huquqiy bo‘shliq tugatilib, elektron retsept asosida dori vositalarini tayinlash masalalari bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyoti ta’minlanadi. Tibbiyot tashkilotlari, dorixonalar va fuqarolar o‘rtasida huquqiy normalarni turlicha sharhlash va talqin qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldi olinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//