“Moziyga qaytib” nomli adabiy-maʼrifiy tadbir tashkil etilmoqda

Saqlash
10:30 / 24.04.2026 22 0

2-may kuni poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy uy muzeyida “Oʻtkan kunlar” romanining 100 yilligi munosabati bilan “Moziyga qaytib” nomli adabiy-maʼrifiy tadbir tashkil etilmoqda. Abdulla Qodiriy uy muzeyi, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti, “Oʻzbekligim-oʻzligim” NNT va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu tadbir axborot hamkori – Oyina.uz portali.

 

Dastur davomida milliy liboslar va soʻzanalar koʻrgazmasi, AQSHdan olib kelingan Toshkent palaklari tarixi haqidagi chiqishlar, “Oʻtkan kunlar” va jadid adabiyoti mavzusida intellektual musobaqa, sahna koʻrinishlari va xayriya auksioni boʻlib oʻtadi.

 

Eslatma: xayriyadan tushgan mablagʻlar A.Qodiriy uy muzeyini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

 

Manzil: Abdulla Qodiriy uy-muzeyi

Kun: Savr oyining 15-sanasi (2-may, 2026-yil)

Vaqt: 11:00–17:00

 

Tadbirda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish

Tadbir dasturi

 

Intellektual musobaqa uchun:

 

Jamoa boʻlib: Roʻyxatdan oʻtish

Yakka tartibda: Roʻyxatdan oʻtish

 

Toshkent osmonida Otabek ruhi,

Ayriliq, boʻzasi, “Dutor navosi”…

Samarqand darvoza chorlar, u kuni…

Koʻrikdan oʻtadur beklar libosi…

 

Margʻilon havosin ola kelinglar,

Goʻzal Kumushoylar, oydinroq Oydan.

Paranji, qaboli suluv kelinlar,

Koʻzimiz nigoron Ikkinchi Moydan.

 

Xumor koʻz, hindu hol… dillarni dogʻlang,

Zebigardonlardan uchsin boshdan gʻam.

Yigitlar, mursakning ustidan bogʻlang,

Qovoq devonaning belbogʻini ham.

 

Qodiriy ruhini etajakmiz shod,

Ishkom, ayvonlarda joʻsh urgay ilhom.

Gʻazal aytishurlar Anvar va Raʼno,

Dunyo hech koʻrmagan oliy izdihom.

 

Koʻklam, birinchi Moy, Beshyogʻoch daha,

Julqunboy hovlisi muntazir Sizga.

Moziy aro kezib, bir oʻshandaqa,

Milliy liboslarda koʻrining Bizga.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//