Eng koʻp kitob oʻqigan 100 nafar oʻquvchi va talabalarga 10 mlndan beriladi

Saqlash
16:46 / 23.04.2026 45 0

Oʻzbekistonda eng koʻp kitob oʻqigan yoshlar oʻrtasida har yili tanlov oʻtkazilib, gʻoliblarga pul mukofoti beriladi. Bu haqda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida belgilandi.

 

Unga koʻra, eng koʻp kitob oʻqigan oʻquvchi va talabalar oʻrtasida “Top-100 kitobxon” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarning 100 nafari tasdiqlangan hisob-kitoblarga asosan Yoshlar ishlari agentligi mablagʻi hisobidan BHMning 25 baravari (10,3 mln soʻm) miqdorida ragʻbatlantiriladi.

 

Yoshlarning kitobxonlik, ijodkorlik va maʻnaviy rivojlanishini ragʻbatlantirish orqali intellektual salohiyat va madaniy kapitalni oshirish maqsad qilingan. Yoshlarning kitobxonlik darajasini yiliga oʻrtacha 12 ta kitobga yetkazish, elektron kitob platformalaridan foydalanish koʻrsatkichini 2025-yilga nisbatan ikki baravarga oshirish rejalashtirilgan.

 

Chekka qishloq va tumanlarda yoshlarning 30 foizi kitobxonlik loyihalariga, shu jumladan, “Mutolaa” loyihasiga jalb qilinadi.

 

2026-yildan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Ilgʻor ijodkor” prezident mukofoti joriy etiladi. Sheʻriyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishlari boʻyicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar BHMning 200 baravari (82,4 mln soʻm) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

 

Prezidentning 2026-yil yanvaridagi qarorida Oʻzbekistonda Yoshlar ishlari agentligi huzurida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilangandi. Eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//