“Hokim gullar bilan borib, ustozlardan uzr soʻragan” – vazir

Saqlash
13:54 / 23.04.2026 79 0

Maktabgacha va maktab taʻlimi vaziri Eʻzoza Karimova Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev oʻqituvchilarni izza qilgan holatga munosabat bildirdi. Vazir bu haqda 21-aprel kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida gapirgan.

 

Mart oyida Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev 9-maktabda yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazgan. Unda oʻquvchilar hayajon tufayli hokimning savollariga javob bera olmagach, hokim maktabning 46 nafar oʻqituvchisini soat 17:00 da hokimlikka olib kelishni buyurgan.

 

Oʻqituvchilar 30 km yoʻl bosib kelgan va hokimlik binosida tik oyoqda turib hokimning tanbehlarini eshitgan.

 

Vazirning soʻzlariga koʻra, oʻshanda oʻquvchilar hokimni ikki soat kutgan va charchab qolgan, shu sababli hokim bilan uchrashuvda faol boʻlmagan.

 

“Hokim esa oʻquvchilar faol boʻlmadi, deb ustozlarini ayblagan. Ustozlarimizni avtobusga mindirib, tuman hokimligi binosiga olib borib, u yerda ishdan boʻshash haqida ariza yozdirib olish holatlari ham boʻlgan”, – deydi Eʻzoza Karimova.

 

Uning taʻkidlashicha, holat yuzasidan Navoiy viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi oʻtkazish boʻyicha alohida xat chiqarilgan. Ikki kun oʻtgach tuman hokimi oʻz xatosini tan olib, 9-maktabga borgan va jamoadan uzr soʻragan.

 

“Hokim gullar bilan borib, ustozlarni yigʻib, oʻz uzrini aytgan va ularga tashakkurnomalar bergan. Biz bu holatni nazoratga olganmiz va bu yoʻnalishda vazirlikning pozitsiyasi qatʻiy. Sababi ustozlarimizning shaʻnini, ustozlarimizning gʻururini biz har doim himoya qilib kelamiz”, deya qoʻshimcha qilgan vazirlik rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//