Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi

Saqlash
10:20 / 22.04.2026 30 0

20-aprelda imzolangan qonun bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

 

Hujjatga ko‘ra, yong‘inlarning oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirish bilan bir qatorda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati mavjud. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.

 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat joylari, omborxona binolari, yotoqxona va turar joylarda, shuningdek, tegishli obyektlarni loyihalashtirish, qurish va qayta qurish chog‘ida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming so‘mdan 1 mln 236 ming so‘mgacha), mansabdorlarga esa — 3 baravaridan 10 baravarigacha ( 1 mln 236 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

 

Amaldagi tahrirda mazkur huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

 

O‘zbekiston yong‘in nazorati bo‘yicha bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari davlat yong‘in nazorati organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda mansabdor shaxslarga BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga haqli ekani belgilandi.

 

Amaldagi tahrirda mazkur jarima miqdori BHMning 20 baravari etib belgilangan. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning hamda aholining hayotiga va sog‘lig‘iga boshqacha tarzda muqarrar xavf paydo bo‘lishining oldi olinishi munosabati bilan tadbirkorlar faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib turishi mumkinligi belgilandi.

 

Ushbu qonun 2026-yil 22-iyuldan kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//