O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda

Saqlash
09:00 / 22.04.2026 41 0

O‘zbekistonda aholi uchun energiya resurslari tariflarini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, o‘tgan yilgi hukumat qarori bilan 2026-yildan boshlab energiya resurslari narxlarini har yili 1-maydan inflyatsiyani hisobga olgan holda, biroq 10 foizdan oshirmasdan ko‘tarib borish mexanizmi joriy etilgandi. Holbuki, 2024-yildagi qarorda 2026-yildan e’tiboran tariflarni kamida uch yil davomida qat’iy saqlash ko‘zda tutilgandi.

 

Ma’lumotga ko‘ra, hukumatning iqtisodiy bloki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan gaz va elektr energiyasi narxlarini oshirish taklifi hozirda ko‘rib chiqilmoqda. Hujjat loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini 9–10 foizga oshirish taklif etilgan, biroq yakuniy foiz bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan.

 

Agar taklif ma’qullansa, yangi tariflar tegishli hujjat imzolanganidan 15 kun o‘tib kuchga kirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2025-yil 1-maydan aholi iste’molchilari 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kilovatt soat uchun 800 so‘mdan to‘lashi belgilangan.

 

Bir oyda o‘rtacha 500 kVt soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025-yilning 1-mayiga qadar 360 ming so‘m to‘lar edi (200 kVt soat bazaviy norma uchun 90 ming so‘m, 201 kVt soatdan 500 kVt soat uchun 270 ming so‘m).

 

Tarif o‘zgarishlaridan so‘ng bir oyda o‘rtacha 500 kVt soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun 360 ming so‘m to‘laydi (200 kVt soat bazaviy norma uchun 120 ming so‘m, 201 kVt soatdan 500 kVt soat uchun 240 ming so‘m).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//