Madaniyat
20-yanvar kuni “Sevimli” telekanali taʼsischilarining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov taklif qilingan. “Darakchi.uz”ning yozishicha, yigʻilishda “Sevimli” telekanali bosh direktori va bosh muharriri vazifasidan ozod etilgan.
Maʼlum qilinishicha, yigʻilishda tashkiliy masalalar koʻrib chiqilgan. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik fikri asosida Firdavs Abduxoliqov saylangan.
Taʼsischilarning qarori bilan bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xoʻjayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev oʻz vazifasidan ozod etilgan.
Yigʻilishda shu paytga qadar Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Jaloliddin Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlandi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan Firdavs Abuxoliqov kanal efiriga uzatilgan “Sabriya” serialini badiiy saviyasini tanqid ostiga olib, “biz telekanal muxlislari va jamoatchilikdan uzr soʻraymiz va kelgusida yangi tayinlangan bosh direktor nafaqat seriallar, qolaversa, barcha media mahsulotlarning gʻoyaviy-badiiy jihatlariga masʼul ekanligini uqtirgan holda barcha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi zarur”, degan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqaldi. AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini maʼlum qilgan edi. Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva ham ushbu serialni tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirdi. Shundan soʻng telekanal rahbari Amira Rashidova serial atrofida boʻlayotgan gap-soʻzlarga munosabat bildirdi va serial voqealari real hayotdan olinganini maʼlum qildi. Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham milliy seriallar boʻyicha izoh berdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q