Jamiyat
“Bobolar izidan” loyihasi ilk bor 2024-yil 5-iyul kuni Oltoy tomon yoʻl olgan ilmiy-ijodiy safar bilan boshlangan. Unda tadbirkor va ekspeditsiya homiysi Gʻafur Gʻafurov, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Anvar Boʻronov, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktorlari Bahrom Irzayev, Bekzod Abdirimov, “Til va adabiyot taʼlimi” jurnali bosh muharriri Farrux Jabborov, rassom Erkin Orol, jurnalist Safarali Qurbonov, operator Nozim Tolipov, yozuvchi Javlon Jovliyev hamda shoirlar – Elyor Murod, Najmiddin Turonlar ishtirok etgan.
.jpg)
Turkiy oʻzlikni yodga olish maqsadida yoʻlga chiqqan ekspeditsiya aʼzolari Oltoy togʻlariga qadar 4 000 kilometrlik yoʻlni avtomobilda bosib oʻtishgan. Oʻzbekiston tuproqlaridan boshlangan safar davomida Qozogʻistonning Chimkent, Taraz, Olmota, Semey shaharlaridan, Oltoy va Xakasiya hududlarigacha choʻzilgan turkiy hududlarda qadim turkiy merosni oʻrganish boʻyicha ilmiy va ijodiy izlanishlar olib borildi.
.jpg)
2025-yili Sardor Boisov homiyligida Ozarboyjonga yoʻl olgan oʻzbek ziyolilari Boku, Shaki, Agʻdash va Ganja shaharlarida ham muhim ilmiy-ijodiy natijalarga erishdi. Safar Bokudagi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali ziyoratidan boshlanib, Ozarboyjon Milliy Ilmlar Akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Boku Slavyan universiteti kabi nufuzli ilmiy va madaniy muassasalarda uchrashuvlar tarzida davom etgan.
Kuni kecha ushbu ekspeditsiyalar davomida toʻplangan ilmiy kuzatuvlar, tahlillar, safar taassurotlari, fotomateriallar asosida tayyorlangan “Bobolar izidan Oltoyga” va “Bobolar izidan Ozarboyjonga” kitob-albomlarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
.jpg)
Tadbir Oʻzbekiston xalq shoirlari Usmon Azim va Xurshid Davronning turkiy birlikning zarurati, ekspeditsiya va nashrlarning bugungi kundagi ahamiyati haqidagi maʼruzalari bilan boshlandi.
Taqdimotda taʼkidlanishicha, “Bobolar izidan” loyihasi millat ziyolilarining shaxsiy tashabbusi boʻlib, unga oʻzbek tadbirkorlari koʻngilli ravishda homiylik qilgan. Yaʼni “Bobolar izidan” – millat ziyolilari va millat boylarining ilk katta milliy, ilmiy-ijodiy loyihasi hisoblanadi. Tadbirda soʻzga chiqqan ekspeditsiya aʼzolarining har biri safar davomida yozilgan, his qilingan taassurotlari bilan boʻlisharkan, loyiha oʻzbek xalqining qadim tarixini, oʻzligini yodga olish, turkiy birlikni mustahkamlash uchun qilinganini taʼkidlashdi. Xususan, tarixchi Bahrom Irzayev kitob-albomlarni chop etish fikrining paydo boʻlishi haqda shunday dedi:
.jpg)
- Bundan yuz yil avval Said Nosir Mirjalilning homiyligida bir guruh yoshlar “Armugʻon” nomli jurnal nashr qilgan. Asarlar, materiallar boʻlsa-da, jurnalning ikkinchi soni chiqmagan, aniqrogʻi, bunga zamon yoʻl bermagan. Keyinroq, Berlinda yoshlarning orzulari, fikr-mulohazalari yoritilgan yana bir jurnal – “Koʻmak” chop etildi. Biroq, uning ham ikkinchi soni chiqishiga yoʻl qoʻyishmadi. Mualliflar birozdan keyin, zamon imkon berganda davom etamiz, deb orzu qilishdi, ammo bu ham amalga oshmadi. Bizga shunday imkon nasib qildiki, bir vaqtda jurnalimizning ikki sonini nashr qiloldik. Va maʼlum maʼnoda bobolarimizning orzusini amalga oshirdik. Ularda mana shu yillardagi hissiyotlar, orzularni ifodalovchi nasr, nazmda yaratilgan asarlar, suratlar jo boʻlgan. Balki bir necha yillardan keyin islohotlarimiz yana-da kengayib, balandlab, bu oʻylarning ahamiyati pasayar, ammo ayni zamonning ruhi ularda saqlanib qolishi kerak, deb hisobladik. Toʻgʻri, biz tariximizga koʻp yuzlanamiz, lekin bu jurnallar bilan yana bir gapni aytishni istadik: Bugun ham oramizda Choʻlpon, Qodiriy, Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Behzodlar bor – oʻqing, yaxshilab oʻqing ularning yozganlarini, yoningizga qarang, ular bor, yaxshilab qarang... Oramizda millati uchun sarflaydigan saxiylar bor. Biz undaylar oʻtib ketdi, derdik, lekin ular bor ekan va biz loyiha davomida shunga guvoh boʻldik. ...Biz uchun eng qadrli joy bor, bu – Vatan. Biz uchun eng yaxshi minbar bor, bu – koʻzlariga qarab gapira oladigan, bizni tushuna oladigan millatimiz!.. Biz shu uchun yoʻlda davom etamiz.
.jpg)
Taqdimot davomida sanʼatkorlar tomonidan “Goʻzal Turkiston”, “Biyigul” qoʻshiqlari ijro qilindi, maʼruza va sheʼrlar tinglandi. Yakunda esa ekspeditsiya aʼzolari – Erkin Orol va Masʼud Xolov asarlari kimoshdi savdosiga qoʻyildi. Unda Masʼud Xolovning tadbir davomida chizilgan “Shayboniyxon” asari 15 million soʻmga sotib olindi.
.jpg)
Ikkinchi asar – Erkin Orolning surati esa tadbir tashkilotchilari tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga “Bobolar izidan” loyihasidan esdalik sifatida sovgʻa qilindi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112138
Jamiyat
94823
Jamiyat
90878
Jamiyat
75669
Jamiyat
//
Izoh yo‘q