Alimentdan qarzdorlar uchun ayrim moliya-kredit xizmatlari cheklanadi

Saqlash
10:14 / 01.04.2026 27 0

O‘zbekistonda aliment to‘lovlarini undirish tizimini kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib yo‘lga qo‘yilmoqda. Qarzdorlik mavjud bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar qo‘llaniladi, deyiladi Prezident farmonida.

 

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko'ra, 2026-yil 1-maydan aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda, u to‘liq bartaraf etilguniga qadar qarzdorlarga nisbatan qator cheklovlar joriy etiladi.

 

Shuningdek, qarzdorlarga alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, shuningdek ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanish cheklanishi mumkin.

 

Farmon bilan bir qator boshqa o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan. Xususan, ayrim holatlarda qarzdor vafot etganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish tartibi joriy etiladi.

 

Shu bilan birga, muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosidagi undirish ishlarini amalga oshirish ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi.

 

Mazkur chora-tadbirlar ijro tizimining samaradorligini oshirish, qarzdorliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va, eng muhimi, bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//