Endi havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari masofaviy ishga o‘tkaziladi

Saqlash
09:18 / 01.04.2026 51 0

O‘zbekistonda havo sifati keskin yomonlashib ketgan paytlar uchun harakatlar tartibi (algoritmi) ishlab chiqiladi. Bu haqda Prezident farmonida qayd etilgan.

 

Unga ko‘ra, bir oy muddatda aholini tezkor ogohlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi. Unda SMS-xabarlar, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali havo sifati yomonlashgani haqida xabar berish, xavf darajasi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni yetkazish ko‘zda tutilgan.

 

Shuningdek, aholini himoya qilish chorasi sifatida ochiq havoda bo‘lishni cheklash, ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor shaxslarni uyda qolishga chaqirish, ta’lim muassasalarida ochiq havodagi mashg‘ulotlarni vaqtincha bekor qilish hamda ommaviy tadbirlarni cheklash belgilangan.

 

Farmonga muvofiq, zarur hollarda davlat idoralarida ish jarayonini moslashtirish, jumladan, masofaviy ish formatiga o‘tish imkoniyati ham ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, sanoat, energetika, qurilish va transport sohalarida chiqindilarni vaqtincha kamaytirish, qurilish ishlarini cheklash, transport harakatini qisqartirish, shuningdek, changni kamaytirish choralarini qo‘llash ham nazarda tutilgan.

 

Endilikda, O‘zbekistonda 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi. 1-apreldan esa chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor”lar barpo etish boshlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//