Oʻzbekistonda 3 ta yangi milliy tabiat bogʻi tashkil etiladi

Saqlash
14:49 / 31.03.2026 38 0

“Ovjazsoy – Moviy togʻlar”, “Piskom”, “Fargʻona” milliy tabiat bogʻlarini tashkil etish va “Pop” milliy tabiat bogʻi hududini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–109-son, 25.03.2026-y.) qabul qilindi. Unga koʻra, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida 3 ta yangi milliy tabiat bogʻlari tashkil etilib, Namangandagi “Pop” milliy tabiat bogʻi hududi 125,3 ming gektarga kengaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

 

Qarorga koʻra, Toshkent viloyatida quyidagilar tashkil etiladi:

 

- Ohangaron tumanidagi Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaligining “Ovjazsoy” uchastkasidagi 9,2 ming gektar yer maydonida “Ovjazsoy – Moviy togʻlar” milliy tabiat bogʻi;

- Boʻstonliq tumanidagi Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligining 156,7 ming gektar yer maydonida “Piskom” milliy tabiat bogʻi.

 

Fargʻona viloyati Oʻzbekiston va Soʻx tumanlaridagi 13,9 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Fargʻona va Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaliklarining 8,9 ming gektar yer maydonlari hisobiga umumiy maydoni 22,9 ming gektardan iborat “Fargʻona” milliy tabiat bogʻi tashkil etiladi.

 

Namangan viloyati Mingbuloq va Pop adirliklarida 33,6 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligining 91,2 ming gektar yer maydoni hisobiga “Pop” milliy tabiat bogʻi hududi 125,3 ming gektarga kengaytiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//