1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

Saqlash
15:59 / 30.03.2026 79 0

Radar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari hisoblanadi


Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi. 


Shuningdek, jarima ballarini transport vositasi mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida (ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi) foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi joriy etiladi.

 

Tibbiyot xodimlari 5 kunlik ish haftasida ishlaydi


Davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. 


Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Ayrim kasanachilarga foizsiz ssuda beriladi


Ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.

 

Ayrim tadbirkorlarga QQSning 50 foizi qaytarib beriladi


Xalqaro konferensiya va tadbirlarni tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlarga ular tomonidan to‘langan QQSning 50 foizi qaytarib beriladi.

 

Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida to‘lovlar faqat bank kartalari orqali amalga oshiriladi


Quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

▪️ davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;

 

▪️ elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;

 

▪️ alkogol va tamaki mahsulotlari;

 

▪️ transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;

 

▪️ qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;

 

▪️ ko‘chmas mulk ob’yektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

 

Kiberxavfsizlikni ta’minlash kuchaytiriladi


Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan byudjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hamda byudjet parametrlari doirasida zarur mablag‘lar kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalariga yo‘naltiriladi.

 

Himoya orderini olgan ayollarning telefoniga “SOS” chaqiruvini beruvchi “my.ihma.uz” mobil ilovasi o‘rnatiladi


Himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.

 

Ayrim hududlar aholisiga bog‘cha puli kamaytirib beriladi


Ma’muriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘loviga 50 foiz kamaytiruvchi koeffisiyentlar qo‘llaniladi.

 

Ayrim startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi


“Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

 

Ilmiy muassasalarda KPI tizimi ishga tushiriladi


Fanlar akademiyasi o‘z tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) va ilmiy muassasalar faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimini joriy etadi.

 

Yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi qo‘llanadi


Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.

 

Notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi uzaytiriladi


O‘zbekistonda notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi.

 

Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi  tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin.

 

“Yashil devor”lar barpo etiladi


Chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor”lar barpo etish boshlanadi.

 

Yangi sanoat zonalarini tashkil qilishda muddatsiz moratoriy joriy etiladi


Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.

 

Xalqaro aeroportlarda chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi ishga tushiriladi


Respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 

 

Chet el fuqarolariga QQSni qaytarishda minimal xarid qiymati QQSni inobatga olgan holda 300 ming so‘m etib belgilanadi.

 

Futbolchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi


2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelga qadar bo‘lgan davrda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi hamda ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//