Madaniyat
28-mart kuni “Renessans” kino uyida Respublika Maʻnaviyat va maʻrifat markazining “Soʻz” loyihasi doirasida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” romani mutlaqo yangi formatda – teatrlashtirilgan sheʻriy-konsert dasturi shaklida taqdim etildi.

Loyiha oʻz anʻanasiga sodiq qolgan holda, bu gal ham kitobxonlarga qalbni poklaydigan, millat ruhiyatni uygʻotadigan chinakam madaniy muhit yaratdi.

Asarni hali oʻqib ulgurmaganlarga mutolaa uchun haqiqiy turtki bergan boʻlsa, oʻqiganlar uchun asar qahramonlari bilan yuzma-yuz kelish va Turkiston hududida yuz bergan fojeaviy taqdirlarni his qilish imkonini yaratdi.

Erkin Bozorov, Najmiddin Turon, Madina Norchayeva, Shahriyor Shavkat, Nozima Habibullayeva, Rashid Xoʻjamovlarning dildan o‘qigan she'rlari va teatr aktyorlarining jonli ijrosi yig‘ilganlarni asar ichiga olib kirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda loyiha qatnashchilari va adabiyot ixlosmandlari tadbir haqida samimiy fikrlari bilan boʻlishmoqda.

Xususan, Maʻnaviyat va maʻrifat markazi rahbari, taqdimot tashkilotchisi Otabek Hasanov shunday yozadi:

“Xursand qilgani, koʻp yoshlar kitobni qidira ham boshladi. Demak, yoshlar orasida yangi asarlarning shunday taqdimotlariga ehtiyoj katta. Faqat biz yangicha qarash bilan yetkaza olsak boʻlgani. Hali bunday kitob taqdimotlarni yana oʻtkazamiz, har bir yozuvchi bizga yetkazmoqchi boʻlgan ezgu, vatanparvarlik gʻoyalari har doim targʻibotning eng taʻsirchan usuli boʻlib qoladi”.
Dinora Shodmonova:
“Taqdimot millat ruhida tashkil etildi. Bu millat ruhining ogʻriqlari koʻp. Yoshlar(biz)ga haqiqiy uygʻonish daʻvati. Fayedagi dekoratsiya alohida mavzu”.
Marjona Boboyorova:
“Bunaqa kreativlik bilan yondashilgan, oʻzgacha taqdimotga birinchi marta guvoh boʻldim. Katta jamoa qattiq mehnat qilgani koʻrinib turibdi. Nafaqat men, butun zaldagi qatnashchilar maroq bilan tomosha qildik. Yuraklarga yetib boradigan sheʻrlardan zavqlandik. Yakunda esa boʻldi, tugadi, deb eʻlon berilmaguncha hech kim oʻrnidan qoʻzgʻalmadi”.
Ruhshona Saidmurodova:
“Asar mohiyatiga yangicha nigoh. “Yaldo kechasi” asari xalqimizning sevimli romani “Oʻtkan kunlar”ning mantiqiy davomi sifatida yozilgani koʻpchilik uchun muhim ahamiyatga ega. Taqdimot davomida asarning gʻoyaviy-badiiy “qaymogʻi” sheʻr va sahnalashtirilgan ijrolar orqali tomoshabinga yetkazildi”.
Tarixchi Bahrom Irzayev:
“Maʻnaviyatning uyushtirgan ishlari negadir menga hamisha oʻta rasmiy va sovuqdek tuyular edi. Ammo bu umuman boshqa — goʻzal asarga munosib ijodiy taqdimot! Teatr aktyorlari tomonidan Yodgorbek, Ozodbek, Odilbek, Oynisa, qoʻrboshi siymolari, asardan parchalar juda goʻzal tanlangan. Maʻnaviyat markazi Oyina orqali jiddiy aql markazini yaratdi desam, “Soʻz” orqali soz, soʻz, ohang uygʻunligida yana bir ajoyib qadriyatni yuzaga chiqaribdi.”
Loyihaning doimiy muxlislaridan biri taʻkidlaganidek: “Bizning “Soʻz” orqali yerda jismingiz chiroyli bezatilgan xonada qoladi-yu, ruhingiz kengliklarda sayr qiladi. Qalbingiz poklanadi, koʻngil atalmish sultoningiz quvnaydi”.
“Doim oʻylardim ayrim asarlar oʻzining eng kulminatsion qismida tugatilishi kerak va xulosani har bir kitobxon oʻzi uchun chiqarsa har tomonlama aʻlo boʻladi, deb. Lekin bugungi Soʻz loyihasi boshchiligida kreativ gʻoyalar asosida sahnalashtirilgan Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” asari butun boshli fikrlarimni oʻzgartirdi. Garchi asarni hali oʻqib koʻrmagan boʻlsam ham, shuni aytishim mumkinki, ushbu mantiqiy davom oʻlaroq yozilgan asar “Oʻtkan kunlar” qiymatini yanada oshirdi”.
Loyiha odatiy, rasmiy va qolipli tadbirlardan voz kechib, chinakam sanʻat va soʻzning kuchini namoyon eta olishi – uning eng katta yutuqlaridan biri, deyish mumkin.

Yakunda tomoshabinlar ijodkor va tashkilotchilarni olqishladi.
.jpg)
Maʼlum qilinishicha, ushbu loyihani barcha viloyatlarda talabalar uchun ham tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa “Soʻz”ning ezgu daʼvati va millat ruhidagi uygʻonish sadolari butun mamlakat boʻylab yangrashidan dalolat beradi.
Madaniyat
Jamiyat
Iqtisod
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
112056
Jamiyat
94745
Jamiyat
90764
Jamiyat
75567
Jamiyat
//
Izoh yo‘q