Jurnalist Karim Bahriev 63 yoshida vafot etdi

Saqlash
13:19 / 29.03.2026 63 0

Bir necha kun avval gemoragik insult tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan taniqli jurnalist va shoir Karim Bahriyev og‘ir xastalik ortidan 63 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jurnalist uyushmasi xabar berdi.

 

Karim Bahriyev 1962-yilning 15-iyul kuni Samarqand viloyati, Urgut tumanida dunyoga kelgan. U Samarqand davlat universitetida, keyinchalik Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida ta'lim olgan.

 

Karim Bahriyev jurnalist, yozuvchi, tarjimon, siyosatchi sifatida faoliyat yuritib, 1990–1995 yillarda parlament deputati ham bo‘lgan.

 

U shuningdek, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat” gazetalarida, “Jahon adabiyoti”, “Dugonalar” nashrlarida faoliyat yuritgan, 90-yillarda “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri sifatida ham tanilgan. Jurnalist ko‘plab ilmiy-ommabop va adabiy asarlar muallifi bo‘lib, “Sabr kosasining siniqlari», “Tomchidil” kabi she’riy kitoblar, shuningdek jurnalistika va huquq sohasiga oid qator asarlar yozib qoldirdi. Ayniqsa, uning 2000-yillar boshida nashr qilingan “So‘z erkinligi haqida so‘z” nomli kitobi o‘z davrida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

 

Karim Bahriyev so‘nggi yillarda tarjima sohasida samarali ijod qildi. Xususan, u Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlari hikmatlarini, Genri Fordning “Mening hayotim”, Jorj Oruellning “1984” va “Molxona”, Svetlana Alekseyevichning “Chernobil tavallosi” romanlarini va Malkolm Gladuelning “Daholar va uddaburonlar” asarlarini, shuningdek Chingiz Aytmatov, Dino Bussati, Jovanni Papini hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

 

Marhum Jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi, Yozuvshilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi edi hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida media huquqi va etikasi fani muallimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//